TMK tasarrufidagi Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish zavodida kombinant Boshqaruv raisi Farhod Abdullayev va yosh xodimlar ishtirokida «Rahbar va yoshlar» ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi.

«Bugun bu yerga sizlarga maʼruza oʻqish uchun emas, sizlarni eshitish, fikr va takliflaringizni bilish hamda TMKning kelajagi haqida birgalikda suhbatlashish uchun keldim. Chunki har qanday tashkilotning ertangi kuni, avvalo, uning yoshlariga — sizlarga bogʻliq», — dedi Farhod Abdullayev.

Qayd etilishicha, zavodda 352 nafar yosh mehnat qilmoqda. TMK rahbari ushbu koʻrsatkichni oddiy statistika emas, balki kombinantning istiqbolini belgilaydigan inson kapitali sifatida baholadi.

«Men uchun 352 nafar yosh oddiy raqam emas. Bu — 352 ta taqdir, 352 ta orzu, 352 ta gʻoya va 352 ta imkoniyatdir», — dedi u.

Uchrashuvda yosh mutaxassislarning kasbiy oʻsishi, xorijiy tillarni oʻrganishi, raqamli koʻnikmalarini rivojlantirishi, ilmiy va texnologik loyihalarda ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi. Yoshlarning savol va takliflari bevosita tinglandi.

Farhod Abdullayevning taʼkidlashicha, zamonaviy sanoat uchun muayyan mutaxassislikni egallashning oʻzi yetarli emas. Raqamli texnologiyalardan foydalana oladigan, xorijiy tillarni biladigan, mustaqil fikrlaydigan va tashabbus koʻrsata oladigan kadrlarga talab ortib bormoqda.

«TMKning kelajagi faqat zamonaviy texnologiyalar yoki yangi uskunalar bilan emas, avvalo, ularni boshqaradigan bilimli va oʻz kasbiga sadoqatli yoshlar bilan bunyod etiladi», — dedi kombinant rahbari.

Uning qayd etishicha, bugun muhandis, texnolog va boshqa mutaxassisliklar boʻyicha faoliyat yuritayotgan yoshlar kelgusida TMKning yangi avlod rahbarlari sifatida shakllanishi kerak.

Ochiq muloqot yakunida yoshlar salohiyatini rivojlantirish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda ilmiy va texnologik gʻoyalarni amaliyotga tatbiq etish kombinantning muhim vazifalaridan biri ekani taʼkidlandi.