Hujjatga ko‘ra, ayni paytda Toshkent viloyatida bir kishi uchun oylik chiqindi to‘lovi QQS bilan birga 7840 so‘mni tashkil etadi. Uni 10 864 so‘m etib belgilash taklif etildi. Yuridik shaxslar uchun bu to‘lov 82 880 so‘mdan 97 316 so‘mga oshiriladi.
Bunda 1 tonna qattiq maishiy chiqindini yuridik va jismoniy shaxslardan olib chiqib ketganlik hamda uni chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi yoki chiqindi poligonlariga yetkazib berganlik uchun sanitar tozalash korxonalariga to‘lov 482 842,08 so‘mni (QQS bilan), 1 m3 qattiq maishiy chiqindini yuridik va jismoniy shaxslardan olib chiqib ketganlik hamda uni chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi yoki chiqindi poligonlariga yetkazib berganlik uchun sanitar tozalash korxonalariga to‘lov esa 215 250,56 so‘mni (QQS bilan) tashkil etadi.
2026 yil 1 yanvardan qattiq maishiy chiqindilarni olib ketish xizmatlari uchun haq to‘lashning yangi tartibi joriy etilgan bo‘lib, unga ko‘ra, sanitariya-tozalash sohasida iste’molchilardan faqat amalda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi va barcha to‘lovlar onlayn tizimlar orqali amalga oshiriladi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolar chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmasligi, xizmatlar sifati pastligi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanishi yuzasidan e’tirozlar bildirmoqda. Qo‘mita shu masala yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga so‘rov yuborgandi.