Bu Vazirlar Mahkamasining 18-avgustdagi 446-son qarorida belgilandi.

Qarorga koʻra, markazning asosiy maqsadi Oʻzbekistonning maktabgacha taʼlim sohasida erishgan yutuqlarini xalqaro hamjamiyatga yetkazish, sohada mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilgʻor tajribalar hamda ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish orqali maktabgacha taʼlimning samarali tizimini yaratishdan iborat.

Markazni tashkil etishga 2025-yil 30-oktyabr — 13-noyabr kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida Toshkent shahridagi Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutiga YUNESKO shafeligidagi II toifali institut maqomini berish boʻyicha qaror qabul qilingani asos boʻlgan.

Shuningdek, 2026-yil 25-mart kuni Parij shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va YUNESKO oʻrtasida Oʻzbekistonda YUNESKO shafeligidagi II toifali maktabgacha taʼlim markazini ochish toʻgʻrisida bitim imzolangan.

Yangi tuzilmaning asosiy vazifalari qatorida maktabgacha taʼlim sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, YUNESKOga aʼzo mamlakatlarning maktabgacha taʼlim dasturlari va usullari boʻyicha qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, bolalarni erta rivojlantirishga qaratilgan taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etishda ishtirok etish belgilangan.

Shu bilan birga, 2030-yilgacha maktabgacha taʼlim sohasidagi Toshkent deklaratsiyasi ijrosi yuzasidan monitoring olib borish va davriy hisobotlar tayyorlash, pedagog kadrlarni qayta tayyorlashda yangi yondashuvlarni joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, xalqaro trening, seminar va konferensiyalar tashkil etish ham markaz vazifalari hisoblanadi.

Qarorga muvofiq, markaz yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish mintaqaviy markazi sifatida tashkil etiladi. Uning faoliyati uchun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimi xodimlarining belgilangan umumiy shtat birliklari doirasida 16 ta boshqaruv shtat birligi ajratiladi.

Markaz faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Boshqaruv kengashi tashkil etiladi. Unga Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri tomonidan tayinlanadigan direktor rahbarlik qiladi.

Markaz Toshkent shahri Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Hojib koʻchasi, 64-uy manzilida joylashgan institut binosida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi. Markaz direktoriga institut prorektori, xodimlariga esa institut xodimlari uchun belgilangan mehnat haqi toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.

Markazni tashkil etish va uning faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi. 2027-yildan boshlab esa ushbu xarajatlar Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.