Bu haqda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov OʻzAga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Uning taʼkidlashicha, hozirgi bozorlar koʻrinishi va biznes modeli jihatidan zamonaviy talablarga toʻliq javob bermaydi.

Investorlar oldiga uchta qatʼiy shart qoʻyiladi. Ular belgilangan hajmdagi savdo rastalarini zamonaviy shaklda qurib, davlatga topshirishi, mavjud tadbirkorlarning ish oʻrinlarini saqlashi va yetarli sigʻimda avtoturargoh barpo etishi kerak.

Investorlarga faqat samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, xizmat koʻrsatish va koʻngilochar obyektlar qurish huquqi beriladi.

Shavkat Umrzoqov “Ekobozor” tajribasi ushbu model ishlashini koʻrsatganini taʼkidladi.

U xalqaro tajribaga ham toʻxtalib, Rotterdamdagi Markthal va Lissabondagi Time Out Market kabi loyihalarda tarixiy bozor funksiyasi saqlangan holda, ular shaharning zamonaviy va gavjum jamoat makonlariga aylanganini misol keltirdi.

“Bizning bozorlarimiz ham milliy muhitini saqlagan holda aynan shunday rivojlanishi kerak”, — dedi shahar hokimi.

Shu tariqa, bozorlarni modernizatsiya qilishdan asosiy maqsad ularning faoliyatini toʻxtatish emas, balki mavjud tadbirkorlik faoliyatini saqlagan holda savdo va xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, shahar muhitini yaxshilash va samarasiz foydalanilayotgan hududlardan unumli foydalanishdan iborat.

Eslatib oʻtamiz, Prezidentning “Toshkent shahrini 2026−2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida quyidagi bozorlar savdoga chiqarilgan.