Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Otabek Imamov Yaponiyaning nufuzli «Kitahara Group» kompaniyasi rahbari Sigemi Kitahara boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tibbiyotning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, «Kitahara Group» profilaktika, tashxislash, davolash, neyroxirurgiya, shoshilinch tibbiy yordam va reabilitatsiya xizmatlarini yagona tizim asosida tashkil etish bo‘yicha katta tajribaga ega. Kompaniyaning zamonaviy shifoxonalar tashkil etish borasidagi xalqaro tajribasi O‘zbekiston uchun ham qiziqish uyg‘otmoqda.
Shu munosabat bilan kompaniyaning Toshkent shahrida zamonaviy xususiy ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etish va innovatsion yondashuvlar asosida reabilitatsiya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuvda, shuningdek, kompaniyaning insultdan keyingi tiklanish, neyroreabilitatsiya, bemorlarni davolash va shifoxonadan keyingi parvarish bo‘yicha tajribasini O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, «Kitahara Group» tomonidan qo‘llanilayotgan zamonaviy reabilitatsiya usullari natijasida insultni boshdan kechirgan bemorlarning 77 foizi bir oy ichida sezilarli darajada tiklanishga erishmoqda.
Tomonlar mazkur ilg‘or tajribani mamlakatimizda joriy etish istiqbollari va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni muhokama qildi.