Toshkent shahrida Yoʻl harakatini tashkil etish markazining xabar berishicha, oʻtkazilgan sinovlar natijasiga koʻra, Janubiy vokzaldan Grand Mir Hotel tomon harakatlanish vaqti 11 daqiqa 30 soniyadan 8 daqiqaga qisqargan. Qizil chiroqda toʻxtashlar soni esa 6 tadan 2 taga kamaygan.

Qarama-qarshi yoʻnalishda, yaʼni Grand Mir Hoteldan Janubiy vokzal tomon harakatlanish vaqti 12 daqiqadan 8 daqiqa 30 soniyaga tushgan. Bu yoʻnalishda ham qizil chiroqda toʻxtashlar soni 6 tadan 2 taga qisqargan.

Shu tariqa, har ikki yoʻnalishda yoʻlga sarflanadigan vaqt 3 daqiqa 30 soniyaga, yaʼni qariyb 30 foizga kamaygan.

“Yashil toʻlqin” qanday ishlaydi?

Tizim barcha svetoforlarda yashil chiroqning bir vaqtda yonishiga asoslanmaydi. Avtomobil yoʻlning muayyan qismini bosib oʻtishi uchun zarur vaqt hisobga olinib, keyingi svetoforlarda yashil signalning yonishi belgilangan vaqt oraligʻi asosida sozlanadi.

Haydovchi yoʻnalishga yashil chiroqda kirib, belgilangan tezlik meʼyoriga amal qilgan holda bir maromda harakatlansa va transport oqimi erkin boʻlsa, keyingi svetoforlarga yashil signal vaqtida yetib borishi mumkin.

“Yashil toʻlqin” tezlikni oshirish uchun emas, balki transport vositalarining bir maromda va xavfsiz harakatlanishini taʼminlash uchun joriy etilgan.

Tizim svetoforlar oldidagi ortiqcha toʻxtashlar, chorrahalardagi navbatlar va kutish vaqtini kamaytirish, shuningdek, yonilgʻi sarfi hamda zararli chiqindilar hajmini qisqartirishga xizmat qiladi.

Haydovchilarga belgilangan tezlik meʼyoriga amal qilish, keskin tezlashish va tormozlashdan saqlanish, xavfsiz oraliq masofani saqlash, svetofor signallariga qatʼiy rioya qilish va piyodalarga yoʻl berish tavsiya etiladi.