Avval Mustaqillik koʻchasidan Oqqoʻrgʻon koʻchasiga toʻgʻridan-toʻgʻri chapga burilish mumkin edi. Biroq transport oqimining ortishi, ayniqsa tirband vaqtlarda, ushbu manyovr chorraha hududida transport vositalari toʻplanib qolishiga sabab boʻlgan.

Shu bois Mustaqillik koʻchasidan Oqqoʻrgʻon koʻchasiga chapga burilish cheklandi.

Endilikda Oqqoʻrgʻon koʻchasiga harakatlanmoqchi boʻlgan haydovchilar Mustaqillik koʻchasi boʻylab toʻgʻri harakatlanib, Parkent koʻchasiga buriladi. Shundan soʻng Mustaqillik koʻchasiga qayta chiqib, oʻngga burilish orqali Oqqoʻrgʻon koʻchasiga kirishlari mumkin.

Shuningdek, Parkent koʻchasidan Mustaqillik koʻchasiga chiquvchi transport vositalari uchun ham yangi harakatlanish imkoniyati yaratildi. Haydovchilar yangi tashkil etilgan ikki tomonlama harakat yoʻlagi orqali Mustaqillik koʻchasiga qoʻshilishlari mumkin.

Yangi harakatlanish tartibi chorraha hududida transport vositalari toʻplanib qolishini kamaytirish, transport oqimining uzluksiz harakatlanishini taʼminlash va yoʻl harakati xavfsizligini oshirishga qaratilgan.

Haydovchilardan hududda oʻrnatilgan yoʻl belgilari va yangi harakatlanish tartibiga rioya qilish soʻraldi.