Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi jamoat transportida yo‘l haqi tariflarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Loyihaga ko‘ra, 1 oktabrdan quyidagi tariflarni joriy etish taklif qilinmoqda:
avtobus yoki metro uchun bir martalik elektron to‘lov — 1700 so‘mdan 2500 so‘mga;
naqd pulda to‘lov — 3000 so‘m miqdorida;
bagaj tashish haqi — 4000 so‘m.
Barcha tariflar QQS bilan birga ko‘rsatilgan.
Shuningdek, doimiy yo‘lovchilar uchun yangi abonementlar hamda jamoat transportining bir turidan boshqasiga o‘tish uchun alohida tariflarni joriy etish taklif qilinmoqda.
Ayni paytda poytaxt jamoat transporti har kuni qariyb 2,5 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda metro yo‘nalishlari tarmog‘i kengaytirilib, yer usti yo‘lovchi tashish transporti yo‘nalishlari bilan integratsiya qilindi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida harakat tarkibi qariyb ikki barobarga kengayib, avtobuslar soni 1900 taga yaqinlashdi. Ularning o‘rtacha qatnov oralig‘i esa 30 daqiqadan 15 daqiqaga qisqardi. Yo‘nalishlar tarmog‘i yangi turar joy massivlari va poytaxtga tutash hududlarni qamrab olish hisobiga kengaymoqda.
Shu bilan birga, harakat tarkibini xarid qilishdan tashqari, transport vositalarining har kuni yo‘nalishga chiqishi va texnik soz holatda bo‘lishini ta’minlash ham zarur. Bu bilan bog‘liq xarajatlarga mashinist, haydovchi va texnik xodimlarning ish haqi, yoqilg‘i va elektr energiyasi, ehtiyot qismlar va shinalar, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, depo hamda quvvatlantirish infratuzilmasini saqlash, salonlarni tozalash, dispetcherlik, navigatsiya va elektron to‘lov tizimlarini ta’minlash kiradi.
Amaldagi tarif ushbu xarajatlarning faqat bir qismini qoplamoqda. Tashuvlarni moliyalashtirishda asosiy yuk hamon davlat byudjeti zimmasida qolmoqda.
Shu bois tariflarni ehtimoliy o‘zgartirish tashuvchilarga qo‘yiladigan aniq talablar bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi lozim. Ular qatnovlarning muntazamligi, belgilangan intervallarga rioya etish, transport vositalarining texnik holati va tozaligi, yo‘lovchilar xavfsizligi, xizmat ko‘rsatish madaniyati hamda yo‘nalishlar tarmog‘ini yanada kengaytirishni qamrab oladi.
Qayd etilishicha, tariflarni o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasi hozircha jamoatchilik muhokamasida. Fuqarolar 19 sentabrgacha hujjat bilan tanishib, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali orqali o‘z taklif va mulohazalarini yuborishlari mumkin.
Kelib tushgan taklif va mulohazalar yakuniy qarorni tayyorlash jarayonida ko‘rib chiqiladi.