Bu haqda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, transport kartasidan foydalanuvchilar uchun imtiyozli va bepul tariflar ham amal qiladi. Jumladan, yoʻlovchi ATTO kartasi orqali avtobusda toʻlov qilib, bir soat ichida boshqa yoʻnalishga oʻtsa, ikkinchi toʻlov 1 500 soʻmni tashkil etadi. Hozirda bu summa 700 soʻm.

Bir soat davomida uchinchi va toʻrtinchi avtobusda harakatlanish uchun qoʻshimcha toʻlov undirilmaydi.

Bir soatlik tarif boʻyicha metro xizmatidan faqat bir marta foydalanish mumkin. Metrodan ikkinchi marta foydalanilganda 60 daqiqalik hisob davri yangidan boshlanadi.

Kengash qatnovlar soniga qarab transport kartalarining tariflarini ham belgilagan. Unga koʻra, avtobusda harakatlanish uchun bir kunlik karta 11 500 soʻm, 30 kunlik karta 250 ming soʻm etib belgilangan.

Metrodan foydalanish uchun kunlik tarif 13 500 soʻm, 30 kunlik tarif esa 345 ming soʻmni tashkil etadi.