Bu oddiy bayram sanasi emas, xalqimizning asrlar davomida orzu qilgan ozodligi, erkinligi, milliy qadr-qimmati, davlatchilik sha’ni va buyuk kelajakga ishonchi tantanasidir.

Mustaqillik — shunchaki siyosiy maqom emas. U millatning ruhi, xalqning irodasi, yurtning erkin nafası, insonning ertangi kuniga ishonchidir. Shu bois, mustaqillik har bir xonadonga quvonch, har bir qalbga g‘u­rur, har bir avlodga mas’uliyat bag‘ishlaydi.

Ayniqsa, bugungi global tahlikali va murakkab sharoitda mustaqillikning qad­ri yanada yuksak anglanmoqda. Chunki hozir jahonning turli mintaqalarida geosiyosiy qarama-qarshiliklar, mafkuraviy ziddiyat­lar, iqtisodiy inqirozlar, georesurslar uchun kurashlar, sanktsiyalar urushi, axborot hujumlari, qurolli to‘qnashuvlar va qonli urushlar davom etmoqda. Ayrim davlatlarda tinch hayot buzilgan, odamlar qochqinga aylan­gan, shaharlari vayron bo‘lgan, bolalar urush sadolari ostida ulg‘aymoqda.

Ana shunday bir davrda Prezidentimiz­ning kuchli irodasi, uzoqni ko‘zlab yuritayot­gan siyosati, mintaqani do‘stlik va hamji­hatlik makoniga aylantirish tashabbusi va asosiysi, “Islohot islohot uchun emas, avva­lo inson uchun” degan ulug‘vor g‘oyasi asosida so‘nggi 10 yilda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli amaliy islohotlar natijasida O‘z­bekistonda barqaror tinchlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va osoyishta­lik hukm surmoqda.

Bugun yurtimizda odamlar urush emas, to‘y haqida o‘ylayapti. Vayronagarchilik emas, bunyodkorlik haqida fikrlayapti. Qochqin­lik emas, sayohat haqida orzu qilayapti. Qurol emas, kitob, ilm, mehnat va taraqqiyot haqida gapiryapti.

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi ruhi allaqachon yurtimizning barcha hududla­rida keng his etilmoqda. Ijodiy uchrashuv­lar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, kontsert dasturlari, kitob­xonlik kechalari, saxovat aksiyalari, xalq sa­yillari va shukrona yig‘inlari orqali mus­taqillik bayramining shodiyona kayfiyati har bir xonadonga kirib bormoqda.

Bu yilgi bayram shodiyonalari “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va ke­lajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida nishonlanmoqda. Bu shior shunchaki so‘zlar emas. Bu O‘zbekistonning buguni va ertasi, xalqimizning orzu-intilishi, davlatimizning taraqqiyot strategiyasi va milliy g‘oyasining qisqa, lekin teran ifodasidir. Ushbu to‘rt muqaddas tushuncha — Vatan, xalq, yangi hayot va kelajak — mamlakatimiz hayotining butun mazmunini belgi­lab bermoqda. Shuningdek, “Yagona Vatan”, “yagona xalq”, “yangi hayot” va “kelajak yara­tamiz” kabi to‘rt juft so‘z birikmasida esa yangi O‘zbekistonning ezgu maqsadlari, orzu-intilishlari mujassamlashgan ulkan falsafa namoyon bo‘ladi.

Muqaddas zamin oldidagi buyuk majburiyat

Vatan inson uchun faqatgina tug‘ilgan ma­kon emas, balki taqdir, qismat va ma’naviy tayanchdir. Ona qanday aziz bo‘lsa, Vatan ham shunday azizdir. Chunki inson tilini, dili­ni, qadriyatini, orzu-umidini aynan shu za­minda topadi.

O‘zbekiston istiqlol yillarida tom ma’noda mustaqil davlat sifatida shakllan­di. O‘z armiyasi, o‘z Konstitutsiyasi, milliy valyutasi, tashqi siyosati va o‘z taraqqiyot yo‘liga ega mamlakatga aylandi. Ayniqsa, so‘nggi 10 yilda yagona Vatan g‘oyasi amalda yanada kuchaydi. Hududlarni rivojlantirish dasturlari qabul qilindi. Yo‘llar, ko‘prik­lar, temir yo‘llar, aeroportlar qurildi va rekonstruksiya qilindi. Yangi uy-joy massivlari barpo etildi. Bugun barcha hu­dudlarda tarixiy meros va qadriyatlarimiz hamda zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan go‘zal qiyofaga ega obod qishloq va shaharlarni ko‘rasiz.

Yangi Toshkent shahri qurilishi kelajak­ka tashlanayotgan ulkan qadamdir. Zamonaviy shaharsizlik, yashil hududlar, raqamli bosh­qaruv va intellektual infratuzilma asosida barpo etilayotgan bu shahar yangi O‘zbekiston timsoliga aylanmoqda.

Yagona Vatan degani — Qoraqalpog‘iston­dagi Orol muammosi hammalarning muammosi, Buxorodagi keng ko‘lamli yutuqlar hamma­ning yutug‘i, Farg‘ona taraqqiyoti hammaning quvonchi, Surxondaryo obodligi hammaning baxti deganidir.

Bugun har bir fuqaro Vatan uchun mehnat qilsa, farzandini yaxshi tarbiyalasa, qonunga rioya qilsa, tabiatni asrasa, Vatanga xizmat qilgan bo‘ladi. Sindorovlar oilasi bu borada yorqin misol. Oila Javohir Sindorovni har tomonlama yetuk farzand qilib tarbiyaladi va natijada u butun dunyoga O‘zbekistonning qan­chalik qudratli yurt ekanini ko‘rsatdi. Javo­hir singari minglab yoshlarimiz erishayotgan olamshumul yutuqlar barcha vatandoshlarimiz­niki. Demak, har bir oila o‘z farzandini Va­tan koriga yaraydigan, fidoyi va doim “Vatan men uchun nima qilib beradi?” deb emas, “Men vatan uchun nimalar qilaman?” deb yashaydigan avlod sifatida tarbiyalash yagona Vatan g‘oyasi­ni chuqur anglashga xizmat qiladi.

Xalqimiz — ulkan boyligimiz

O‘zbekistonning yer osti boyliklari ko‘p, imkoniyatlari keng. Ammo eng katta boyligimiz yagona, ahil va mehnatkash xalqimizdir.

So‘nggi yillarda millatlararo totuvlik­ni mustahkamlashga katta e’tibor berildi. Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari hamda 16 ta diniy konfessiya va­killari ahil va inoq­likda, bag‘rikenglik, umuminsoniy tamoyillarga xos yagona bir xalq bo‘lib yashab kelmoqda. Ularning o‘zli­gini anglash, milliy qadriyatlari va urf- odatlarini saqlashi va rivojlantirishi uchun 150 ga yaqin milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Turli millat vakilla­rining tili, madaniyati va urf-odatlarini asrash uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Bugungi kunda yurtimizdagi va xorijdagi vatandoshlarimizning har tomonlama manfa atlarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Do‘stlik jamiyatlari faoliyati ham kengaytirildi. Davlatimiz rahbari qaysi mamlakatga borsa, o‘sha yerda istiqomat qilayotgan, ishlayotgan yoki o‘qiyotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashadi. Ularning fikri, takliflarini eshitadi, qo‘llab-quvvatlaydi. O‘z navbatida, ular ham or­tida doim O‘zbekiston turganini his qiladi.

Prezidentimizning xalq bilan muloqot siyosati esa jamiyatda ishonch muhitini yana­da kuchaytirdi. Xalq qabulxonalari, virtual qabulxona, sayyor qabullar orqali million­lab murojaatlar hal etildi. Ilgari e shitilmagan ovozlar bugun davlat eshigidan kirib bormoqda. Jamiyatimizda kambag‘allik toi­fasida turgan oilalarni bu botqoqlikdan olib chiqish bo‘yicha dunyo e’tirofiga sazovor milliy model yaratildi. Birgina 2025  yil yakuni bo‘yicha 5 million aholi daromadi oshirilib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga kamaydi. 1,5 millionga yaqin aho­li kambag‘allikdan chiqarildi.

Mahalla tizimining yangi bosqichga chiqqa­ni xalq birligining amaliy ifodasidir. Jo­riy yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlanishi va davlat dasturidagi misli ko‘rilmagan us­tuvor vazifalar yurtdoshlarimiz hayoti faro­vonligiga zamin yaratmoqda. Shu tariqa mahal­lar bugun tarbiya maskani, muammo yechimi, saxovat va hamjihatlik markaziga aylandi.

Islohotlarning asosiy mazmuni

Yangi O‘zbekiston — yangi fikrlash, yangi boshqaruv, yangi imkoniyatlar va yangi hayot demak.

So‘nggi yillardagi islohotlar xalq hayo­tini tubdan o‘zgartirdi. Qaysi o‘zgarishlar deysizmi? Bir eslang, plastik kartangizdagi mablag‘ni 20 foizdan kamiga naqdlashtirgan­misiz yoki bankdan valyuta sotib ololgan­misiz? Ularni qo‘ya turing, mahalla mas’ul­lariga muammongizni tushuntirib, uni hal qilganmisiz?

Aminmanki, yo‘q. Chunki o‘sha paytlar hozirgi sharoit ertak edi.

Hozir-chi?! Bugun vaziyat tamoman bosh­qacha, barchasi sizu biz — “Inson uchun!”. Tuman yoki viloyatni qo‘ya turing, respublika darajasidagi rahbarlar, hatto Prezidentga ham onlayn murojaat yo‘llashingiz mum­kin. Buning uchun barcha sharoit yaratil­gan, biror to‘siq yo‘q. O‘zingiz yashab turgan joy — mahallaning ichki yo‘llari, ijtimoiy soha obyektlari sizing tashabbusin­giz, tanlovingiz asosida qurilayotgani ham ayni haqiqat. Davlat sizing munosib yashashingiz uchun bor kuch-resurslarini ishga solayotgani, buni huquqiy jihatdan kafo­latlab, zimmasiga katta mas’uliyat olganiga nima deysiz?!

Yoki ta’lim yo‘nalishini olaylik. Keyingi yillarda oliy ta’lim bilan qamrov keskin oshdi: 2016 yilda 9 foiz bo‘lgan, hozir esa 44 foiz. Prezident maktablari, ijod maktablari, tehnikumlar, kasb-hunar mar­kazlari ochildi. Yoshlar uchun grantlar ko‘paytirildi.

Tibbiyotdagi yangilanishlar ham g‘oyat sal­moqli: yangi klinikalar, zamonaviy diagnostika markazlari, qishloq vrachlik punktlari barpo etildi. Aholini ijtimoiy himoya qi­lish tizimi takomillashtirildi.

Ijtimoiy himoya reyestri, “Temir daf­tar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi tizimlar orqali ehtiyojmand oilalar­ga yordam berildi. Millionlab insonlar ish bilan ta’minlandi, kasb o‘rgandi, imtiyozli kreditlar oldi.

Qishloqlarda ichimlik suv, elektr, gaz, yo‘l masalalari hal etildi. Yangi uy-joylar qurildi. Bugun xalqimiz kechagidan yaxshi, ertaga esa undan ham yaxshi yashashga intilib mehnat qilmoqda.

Uchinchi Renessans sari

Kelajak kutilmaydi, yaratiladi. Shuнинг uchun ham yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy maqsadi Uchinchi Renessans poydevo­rini qurishdir.

Birinchi Renessansda Xorazmiy, Farg‘o­niy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalar, Ikkinchi Renessansda Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bo­bur kabi daholar yetishib chiqqan.

Endi navbat Uchinchi Renessansni barpo etishga keldi. Buning asosiy kuchi bilimli yoshlar, zamonaviy ilm-fan va yuksak ma’na­viyatdir. Shu maqsadda mamlakatimizda AT parklar, innovatsiya markazlari, texnopark­lar, startap dasturlar, raqamli iqtisodiyot loyihalari rivojlantirilmoqda. Sun’iy intellekt, “yashil” energetika, logistika, biotexnologiya kabi sohalarda yangi yo‘na­lishlar ochilmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Bu­xoriy majmuasi, Imom Termiziy markazi, yangi muzey va kutubxonalar qurilishi ma’naviy yuksalishning muhim belgisidir.

Har bir ustoz shogirdi, har bir tadbir­kor yangi ish o‘rni, har bir olim kashfiyoti bilan kelajak yaratadi. Har bir yosh o‘z bili­mi bilan bu jarayonga hissa qo‘shadi.

Bu ezgu g‘oya va maqsadlar qaerda tinchlik hukm sursagina amalga oshadi. Bugun dunyoda tinchlikning qadri oshmoqda. Chunki urush bor joyda taraqqiyot, nizo bor joyda faro­vonlik bo‘lmaydi. Adovat bor joyda baxt bo‘lmaydi.

Shukr, O‘zbekistonda tinchlik, rivoj­lanish, taraqqiyot barqaror. Bozorlarimiz to‘kin, odamlar o‘qish, kasb o‘rganish, tadbir­korlik yo‘lida izlanmoqda, mehnat qilmoqda. Umuman olganda, bular mustaqillikning eng katta samar asidir.

35 yil tarix uchun juda qisqa, xalq uchun ulkan davrdir. Shu yillar ichida O‘zbekis­ton o‘z yo‘lini topdi, o‘z so‘ziga ega bo‘ldi, o‘z kelajagini belgiladi. Ayniqsa, keyingi 10 yilda yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlar mamlakatni barcha yo‘nalishlar bo‘yicha butunlay yangi bosqichga olib chiqdi. Bugun xalqimiz birdam, ham­jihat, yangilanishlarga, yaratishga chanqoq. Shu asosda yurtimiz yanada obod bo‘lyapti, iqtisodiyot global beqarorlikka qaramay, barqaror o‘smoqda, yoshlarimiz puxta bilim olmoqda va asosiysi, jamiyatda jipslik, farovonlik oshmoqda.

Ha, biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratya pmiz. Bu ishlar iz­chil davom etadi. Zero, bosh g‘oyadagi yagona Va­tan — muqaddas uyimiz, yagona xalq — buyuk kuchimiz, yangi hayot — ezgu maqsadimiz, kela­jak yaratishimiz — umumiy burchimiz.

Azizbek AMONOV,

sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent,

Respublika Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi