Ma’lum qilinishicha, fojiа 28 may kuni soat 23:50 atrofida tumanning «Chaqar» mahallasi hududidan o‘tuvchi D-169 avtomobil yo‘lining 132-kilometrida sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2009 yilda tug‘ilgan o‘smir haydovchilik huquqiga ega bo‘lmasdan, to‘rt nafar tengquri bilan birga Damas rusumli avtomashinani boshqargan. Shu vaqtda u haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 2006 yilda tug‘ilgan tanishining Nexia avtomobili bilan o‘zaro poyga qilgan.

Oqibatda ikki transport vositasi ishtirokida og‘ir yo‘l-transport hodisasi yuz bergan. Hodisa natijasida Damas haydovchisi hamda Nexia avtomobilidagi yo‘lovchilardan biri voqea joyida halok bo‘lgan. Qolgan yoshlar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Hodisadan keyin huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari o‘tkazilib, mahallada jamoatchilik ishtirokida muhokama tashkil etildi.

Muhokamalarda mutasaddilar voyaga yetmaganlarga transport vositalarini boshqarishga ruxsat berish, jamoatchilik nazoratining sustligi va beparvolik og‘ir oqibatlarga olib kelayotganini ta’kidladi.

Mas’ullar ota-onalarni farzandlariga avtomashina kalitini ishonib topshirmaslikka chaqirib, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish inson hayotini saqlab qolishning eng muhim sharti ekanini eslatdi.

Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan tegishli organlar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.