Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasidagi samarali hamkorlik natijalari hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, mazkur hamkorlik mamlakatimizda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Xususan, Markaz tomonidan yaratilayotgan huquqiy media-mahsulotlar, amalga oshirilayotgan loyihalar, ularning natijadorligi hamda kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlari yuzasidan taqdimot qilindi.
Shuningdek, taqdimot davomida “Konstitutsiyaga sayohat” loyihasi doirasida sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalangan holda interaktiv kitob va 40 qismli multfilm yaratilgani, yoshlar o‘rtasida huquqiy bilimlarni oshirish maqsadida intellektual o‘yinlar ishlab chiqilgani alohida qayd etildi.
Uchrashuvda raqamli platformalarni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Yurxizmat.uz, Yurkitob.uz hamda Sharh.lex.uz platformalari haqida batafsil ma'lumot berib o'tildi.
Uchrashuv yakunida Jamg'arma vakillari tomonidan Markaz faoliyati yuksak baholanib, uning huquqiy axborotni keng jamoatchilikka yetkazish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish borasidagi tizimli va samarali ishlari alohida e’tirof etildi.
Shu bilan birga, tomonlar o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida dolzarb huquqiy mavzular yuzasidan qo'shma seminar-treninglar, davra suhbatlari tashkil etish, yuqorida qayd etilgan ustuvor yo'nalishlar doirasida hamkorlik to'g'risidagi memorandumni imzolash bo'yicha takliflar ilgari surilib, bu o'zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta'kidlandi.