Xorazm vohasida yetishtiriladigan guruch o‘zining yuqori sifati, xushbo‘yligi va pishirish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Uning o‘ziga xosligi Amudaryo suvlari, unumdor tuproqlar, qulay iqlim sharoiti hamda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’anaviy yetishtirish tajribasi bilan chambarchas bog‘liq.

“Xorazm guruchi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani ushbu nomning huquqiy muhofazasini ta’minlaydi.

Natijada:

mahsulotning kelib chiqishi va sifati himoya qilinadi;

nomdan noqonuniy foydalanishning oldi olinadi;

iste’molchilar uchun mahsulotning haqiqiyligi kafolatlanadi.

Mazkur qaror hududning qishloq xo‘jaligi salohiyatini oshirish, milliy brendni rivojlantirish hamda mahsulotni ichki va tashqi bozorlarda keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: geografik ko‘rsatkich — mahsulotning muayyan hududga mansubligini hamda uning sifati va o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hudud omillari bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.