Ikki mamlakat yetakchilarining bir-biriga samimiy va iliq munosabati xuddi qalb ko‘prigiga o‘xshaydi. Bu ko‘prik bugun nafaqat siyosatchilarni, balki tadbirkorlarni, olimlarni, ijodkorlarni va minglab oddiy insonlarni ham bir-biri bilan yaqinlashtiryapti. Ikki davlat o‘rtasida yaqinda imzolangan tarixiy kelishuvlar shunchaki hujjatlar emas, balki ikki xalqning ertangi nurli kelajagi, mushtarak orzulari va qat’iy ishonchining amaliy ifodasidir.
Toshkent va Minsk o‘rtasidagi munosabatlar tarixda hech qachon hozirgidek yuqori cho‘qqiga ko‘tarilmagan edi.
Yaqinda Prezidentimizning Belarus Res¬publikasiga tarixiy rasmiy tashrifi aniq amaliy natijalarga asoslangan yangi strategik sheriklik bosqichiga qadam qo‘-yilganini yaqqol namoyon qildi. Aleksandr Lukashenkoning uchrashuv davomidagi gaplari Belarusning O‘zbekiston bilan munosabatlarda maksimal darajada ochiqlik, o‘zaro ishonch va uzoq muddatli sheriklikka tayyorligini namoyish etdi. O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning fikrlarida ham ochiqlik, davlatlar o‘rtasida qurilayotgan mustahkam ko‘prikning uzoqqa mo‘ljallangan strategiyasi o‘z ifodasini topdi.
Yaqin-yaqingacha O‘zbekiston va Belarus munosabatlari faqat qishloq xo‘jaligi texnikasi yoki yuk mashinalari sotib olish kabi cheklangan savdo doirasida edi. Biroq keyingi yillarda yo‘lga qo‘yilgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat vaziyatni butunlay o‘zgartirdi. Ikki davlat yetakchilarining samimiy muloqoti va o‘zaro ishonchi munosabatlarning yangi lokomotiviga aylandi.
Iqtisodiy kooperatsiya va yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun, eng avvalo, mustahkam ishonch va oliy darajadagi siyosiy iroda zarur. Ikki davlat endilikda global iqlim o‘zgarishlari va oziq-ovqat xavfsizligi uchun kurashilayotgan bir paytda bir-birini to‘ldiruvchi ishonchli sherik sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tashrif doirasida o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish hamda umumiy qiymati 2 milliard dollarlik 310 ta ¬investitsiyaviy loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mashinasozlik, farmatsevtika, to‘qimachilik va yog‘ochni qayta ishlash bilan birga eng katta e’tibor qishloq xo‘jaligi va chorvachilikka qaratilmoqda.
Belarus o‘z hududidan unumdor yerlarni agrar imkoniyatlarini amalga oshirishi uchun O‘zbekiston tadbirkorlariga bermoqda. O‘zbekistonlik sarmoyadorlar Belarusda chorvachilik va ozuqa bazalarini shakllantirmoqda. O‘zbekiston o‘z aholisining go‘sht va sut mahsulotlariga talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda faqat ichki resurslar bilan cheklanib qolmay, xorijdagi ishonchli hamkorlar hududida agro-ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kabi ilg‘or global tendensiyalardan samarali foydalanmoqda.
Hamkorlikning eng qiziqarli va hayotiy jihati hududlararo to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar yo‘lga qo‘yilganidir. Bugungi kunda O‘zbekiston va Belarus viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik modeli buning yaqqol isbotidir. 255 nafar andijonlik allaqachon Vitebskda tashkiliy asosda ish bilan ta’minlandi. Sentyabr oyidan boshlab esa har oyda 500 nafardan, jami 5 ming fuqaroni ishga joylashtirish va buning uchun Vitebskda Migratsiya agentligi vakolatxonasini ochish rejalashtirilgan.
O‘n bitta chorvachilik majmuasi negizida yangi loyihalar boshlandi (200 boshdan 3 ming boshgacha qoramol boqish quvvatiga ega). Endilikda ushbu ishonchli hamkorlik butun respublika bo‘ylab yoyilmoqda. Farg‘ona, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyatlari Belarusning mos ravishda Gomel, Vitebsk, Mogilyov, Grodno va Brest viloyatlariga biriktirildi. Har bir hududdan kamida 30 nafardan yetakchi tadbirkor Belarusga safar qilib, qo‘shma loyihalarni boshlaydi.
Iqtisodiy kelishuvlarni logistika zanjirisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yil yakuniga qadar Vitebsk viloyatidagi Orsha stansiyasida intermodal logistika markazi ishga tushirilishi va to‘g‘ridan to‘g‘ri blok-poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi yuk tashish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.
2025 yil 7-8 oktyabr kunlari Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilgan O‘zbekiston — Belarus II ta’lim forumi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Forum nafaqat oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, balki innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish borasida ham muhim qarorlar qabul qilingan maydonga aylandi. Ayniqsa, universitetning agrar fakultetida amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy loyihalar Belarus delegatsiyasi tomonidan yuqori baholandi. Bu esa Farg‘ona davlat universiteti mintaqada zamonaviy agrar ta’lim va innovatsiyalar markaziga aylanib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Bugungi kunda fakultetda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda barpo etilgan “Aqlli” dehqonchilik issiqxonasi -resurslarni tejash va raqamli boshqaruv texnologiyalarini amaliyotga joriy etishning muvaffaqiyatli namunasi hisoblanadi. Zamonaviy avtomatlashtirilgan tizim asosida 8000 tup serhosil bodring yetishtirilayotgani ilmiy ishlanmalar amalda ham yuqori samaradorlik berayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, asalarichilik kovorking markazida asalari oilalari ko‘paytirilishi, naslli ona arilar yetishtirilishi va tabiiy asal ishlab chiqarilishi natijasida yuz millionlab so‘mlik iqtisodiy samaraga erishilgani universitetda ilm-fan, ta’lim va tadbirkorlik o‘zaro uyg‘unlashayotganining yorqin ifodasidir.
Universitetimizda tashkil etilgan beshta kovorking markaz ana shu tizimli yondashuv¬ning mantiqiy davomi bo‘ldi. Umumiy qiymati 1 milliard 170 million so‘mlik ushbu markazlar anorchilik, uzumchilik, chorvachilik, asalarichilik hamda tarjima faoliyati yo‘nalishlarida ish yuritmoqda. Ularning asosiy ustunligi shundaki, bu yerda professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va talabalar bir jamoa sifatida faoliyat yuritib, nazariy bilimlarni amaliy taj¬riba bilan boyitmoqda. Natijada yangi navlar yaratish, chorvachilikni ilmiy asosda rivojlantirish, mahsuldorlikni oshirish, ilmiy maqolalar tayyorlash va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha muhim natijalarga erishilmoqda.
O‘zbekiston — Belarus II ta’lim forumi doirasida erishilgan natijalar esa ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integ¬ratsiyasiga asoslangan ushbu rivojlanish modeli kelgusida yanada keng ko‘lamda davom etishidan dalolat beradi.
O‘zaro erishilgan har bir kelishuvning aniq loyiha, yangi korxona va munosib ish o‘rinlariga aylanishi mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yanada mustahkamlaydi.
Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekis¬ton — Belarus III hududlararo forumida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko o‘rtasida imzolangan yangi “yo‘l xaritasi” ikki hudud iqtisodiyoti bilan birga, oddiy aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan juda aniq, hayotiy loyihalarni o‘z ichiga oldi.
Iqtisodiy kooperatsiyaning har qanday ko‘rinishi, eng avvalo, inson kapitaliga va oilalar budjetiga ta’sir ¬qilgandagina haqiqiy qiymatini namoyon etadi. Xo‘sh, Farg‘ona va Gomel viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik aholi turmush darajasi o‘sishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Keling, buni aniq raqamlar va yo‘nalishlar misolida chuqur tahlil qilamiz.
Muzokaralarning eng muhim amaliy natijasi — Farg‘onaning Beshariq va Farg‘ona tumanlarida belaruslik investorlar ishtirokida jami 23 million dollarlik ikki yirik loyihaga start berildi. Beshariqdagi “Beshagrosmakarol” korxonasida 100 ta, Farg‘ona tumanidagi “FERMI 777” qo‘shma korxonasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Investitsiyalarning Farg‘ona vodiysiga kirib kelishi bevosita 150 ta oilaning muqim ish o‘rni va barqaror oylik maosh bilan ta’minlanishini anglatadi. Hududlarda ishsizlik yukini kamaytirish, aholini o‘z tomorqasi yoki yashash joyidan uzoqlashmagan holda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalariga jalb etish odamlarning ijtimoiy himoyasini va ertangi kunga ishonchini tubdan mustahkamlaydi.
Farg‘ona viloyati meva-sabzavot yetishtirish borasida ulkan salohiyatga ega, biroq xomashyoni shunchaki dalaning o‘zidan arzon narxda sotish dehqonning mehnatini to‘liq qoplamas edi. Yangi loyihalar mahsulotlarni chuqur qayta ishlash, shok usulida muzlatish va zamonaviy qadoqlashga ixtisoslashgan. Ikki korxona yiliga jami 15 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlaydi.
Bizning dehqonlar, bog‘bonlar va tomorqa egalari endilikda o‘zlari yetishtirgan mahsulotni sotadigan tayyor va kafolatlangan xaridorga (klaster tizimiga) ega bo‘ladi. Mahsulot dalada nobud bo‘lishining oldi olinadi, talab ortishi hisobiga esa qishloq mehnatkashlari daromadlari bir necha barobar ko‘payadi. Bu qishloq aholisi turmush darajasini ko‘tarishning eng to‘g‘ri iqtisodiy yechimidir.
Farg‘ona viloyati tadbirkorlari bilan Gomel viloyatining unumdor yerlari va chorvachilik salohiyatidan samarali foydalanib, 3 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Xususan, kartoshka yetishtirish, chorvachilikda jahonga mashhur limuzin (Limousin) zotli go‘shtdor qoramollar yetishtirish bo‘yicha ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishilgani kelgusida azaliy qadriyatlarini saqlab kelayotgan davlatlar iqtisodiyoti yanada yuksalishi, aholi bandligi oshishi, qolaversa, fuqarolarning ijtimoiy farovonligi, hayotidan mamnunlik kayfiyatini oshiradi.
Beshariq tumanidagi “Beshagroeksport” korxonasining Belarusning 100 dan ortiq do‘koniga ega bo‘lgan yirik “Smakata” savdo tarmog‘i bilan hamkorligi Farg‘ona quritilgan mevalari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport yo‘lini ochdi. Joriy yilning o‘zida eksport hajmini 3 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Farg‘onada ishlab chiqarilgan tayyor mahsulot xalqaro standartlar asosida xorij peshtaxtalariga yetib borishi mahalliy korxonalar rentabelligini (foydasini) oshiradi. Korxona foyda ko‘rdimi, ishchilarning oylik maoshi oshadi, soliq tushumlari ko‘paya¬di, pirovardida bu pullar viloyat infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltiriladi. Oqibatda butun viloyat aholisining yashash sharoiti yaxshilanadi.
Forumda nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki g‘o‘zapoyani qayta ishlab biochar (bioko‘mir) olish hamda uning negizida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish kabi innovatsion loyihalar ham muhokama qilindi.
Agar Farg‘ona hududlarida ushbu “yashil” texnologiyalar joriy etilsa, eng avvalo, bu chekka qishloqlardagi energiya ta’minotini yaxshilashga xizmat qiladi. Ekologik toza va arzon energiya manbasi paydo bo‘lishi aholining kommunal sohadagi muammolarini kamaytiradi va yashash sifatini yangi bosqichga ko‘taradi.
Farg‘ona va Gomel viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik shunchaki qog‘ozdagi raqamlar emas. Bu Beshariqdagi zavodda ish boshlaydigan yosh yigit taqdiri, Belarus bozoriga o‘z mayizini sotayotgan bog‘bonning hamyoni va Farg‘ona xonadonlariga kirib boradigan yangi texnolo¬giyalar demakdir. Mazkur hududlararo integ¬ratsiya yaqin yillarda Farg‘ona ahlini munosib ish, yuqori daromad va farovon hayot bilan ta’minlashning eng kuchli drayveriga aylanishi to‘liq isbotlanmoqda.
Bahodirjon ShЕRMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori
Hamkorlik materiali