Ushbu uchrashuvlar O‘zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi. Taqdimotning o‘tkazilishi O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bo‘lib, xalqaro hamjamiyatni mamlakatning ilmiy va madaniy merosi, shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy islohotlar bilan tanishtirishga qaratilgan.
YUNESKO, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda xalqaro konferensiya va ko‘rgazmalar konsepsiyasi taqdim etildi.
YUNESKO Ijro etuvchi apparati rahbari Mariagratsiya Skvichcharini O‘zbekiston yetakchisining ushbu tashabbusini eʼtirof etib, uning xalqlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi aytdi.
YUNESKOning “Ipak yo‘llari” dasturi rahbari Mehrdad Shabaxang O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning Sharq va G‘arb o‘rtasida madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi roli haqida to‘xtalib, bu borada konferensiya va ko‘rgazmani tayyorlash uchun dastur materiallarini taqdim etishini qayd etdi.
IHTning YUNESKOdagi vakili Salima Delibey diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yuqori baholab, o‘tkaziladigan tadbirlarni doim qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qildi.
ICESCOning YUNESKO huzuridagi doimiy kuzatuvchisi Somiya Jakta O‘zbekistonning ilmiy va madaniy merosining xalqaro hamjamiyat uchun ahamiyatini taʼkidlab, tashkilot konferensiya va ko‘rgazmani tayyorlashda ishtirok etishini taʼkidladi.
Uchrashuvlar yakunida YUNESKO, IHT va ICESCO vakillari O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini hamda yuqori xalqaro darajadagi tadbirlarni o‘tkazishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.