“Sifatli davlat boshqaruvi – 2026” dasturining oʻtkazilishi mamlakatimiz davlat xizmati tizimida muhim tarixiy voqealardan biri boʻldi. Mazkur dastur doirasida davlat xizmatchilarining kasbiy mahorati, innovatsion yondashuvi, jamoani boshqarish salohiyati, strategik fikrlashi va mamlakat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi har tomonlama, eng yuqori talablar asosida baholandi.
Xalqaro ekspertlar va mahalliy mutaxassislar tomonidan vazirlik va idoralar faoliyati xolis baholanib, “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi doirasida kamtarona mehnatlarim eʼtirof etilgani, menga “Eng namunali maʼmuriy xodim” maqomi berilgani hayotimdagi eng unutilmas voqea boʻldi. Mamlakat rahbari gʻoliblar qatorida mening ham ismimni aytib, eʼlon qilganlarida shunday bir tuygʻu, shunday bir hayajonli hislarni tuydimki, butun faoliyatim soniyalar ichida kino tasmasidek koʻz oʻngimdan shuvullab oʻtdi.
Oʻsha lahzalarda zalda bir haqiqat baland yangradi: nima uchun aynan men ushbu nufuzli dasturning mutlaq gʻolibiga aylandim? Buning zamirida natija, tashabbus va masʼuliyatning yuksak uygʻunligi mujassam edi.
Demak, dono xalqimiz haq — mehnat qilgan elda aziz va har bir harakatimiz, intilishlarimiz ortida togʻday tayanchimiz — Prezidentimiz turibdi. Yashayotgan tinch zaminim, nafas olayotgan musaffo borligʻim, bizga tengsiz imkoniyatlarni taqdim etayotgan Vatanim har qadamimda qoʻllab-quvvatlamoqda. Oʻsha onlarda bu mehr va eʼtibordan qarzdorlik tuygʻusini chuqur angladim.
Bu eʼtirof — bizning Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi jamoasining, tizimda byurokratiya va qogʻozbozlikni yengib, raqamlashtirish hamda ochiqlik sari tashlayotgan dadil qadamlarining mahsuli desam, mubolagʻa boʻlmaydi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasi — mamlakatning kelajagini belgilab beruvchi eng strategik yoʻnalishlardan biri. Bu sohada maʼmuriy jarayonlarni soddalashtirish, talaba va olimlarimiz, innovator yoshlarimiz uchun ortiqcha toʻsiqlarni olib tashlash — bugun jamoamizning oliy maqsadiga aylangan. Ayniqsa, “Responsiveness, Transparency and Effectiveness” — yaʼni tezkorlik, shaffoflik va samaradorlik tamoyillari faoliyatimizning eng muhim mezonlaridan oʻrin oldi. Biz uchun har bir murojaat ortida inson taqdiri, har bir qaror ortida esa mamlakat taraqqiyoti turadi.
Darhaqiqat, vazirlik aholi uchun eng ogʻir va korrupsiya xavfi yuqori boʻlgan jarayonlarni onlayn formatga oʻtkazish orqali tizimdagi koʻplab sunʼiy gʻovlarni parchalab tashladi. Bu texnik yangilanish — fuqarolarning vaqti va asablarini asrashi ayni haqiqat. Ilgari xorijda taʼlim olib qaytgan yoshlarimizning eng katta ovoragarchiligi — hujjatlarni tan olish, yaʼni nostrifikatsiya jarayoni edi. Odamlar viloyatlardan kelib, vazirlik binosi oldida kunlab, oylab navbat kutar, qogʻozbozlikning yomon oqibatlari ularni maqsaddan yiroqlashtirardi. Bugun esa bu tizim Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga toʻliq integratsiya qilindi. Endi yigit-qizlarimiz uydan chiqmay turib, qisqa muddatlarda oʻz diplomlarini qonuniy tasdiqlatib olmoqdalar.
Shuningdek, magistratura va doktoranturaga qabul tizimining tubdan oʻzgartirilishi, xorijiy tilni bilish sertifikatining majburiy etib belgilanishi va tanlovlarning onlayn shaklda oʻtkazilishi ichki imtihonlardagi barcha suiisteʼmolchiliklarga chek qoʻydi. Natijada ilm yoʻlini tanlagan chinakam iqtidorli yoshlarning yuqori bosqichlarga chiqishi uchun keng va adolatli yoʻl ochildi.
Shu bilan birga, faoliyatimizda innovatsion fikrlash eng muhim ustunlikka aylandi. Zamonaviy davlat xizmatida muammolarni anʼanaviy, eskirgan usullardan voz kechib, mutlaqo yangi va kreativ yondashuvlar asosida hal qilish talab etiladi. Bizning ustun jihatlarimizdan biri ham aynan innovatsion fikrlash qobiliyati va uni real voqelikka koʻchira olish boʻldi. Xususan, amaliyotga izchil tatbiq etilgan “Innovatsion hududlar modeli” respublikada universitetlar, ilmiy tashkilotlar, startaplar va mahalliy sanoat korxonalari oʻrtasida mutlaqo yangi hamkorlik ekotizimini shakllantirdi. 2022-yildan buyon respublika boʻylab 28 ta innovatsion tuman tashkil etilib, bu tashabbus doirasida 214 ta ilmiy loyiha, 102 ta startap va 130 ta tijoratlashtirish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Natijada ilm-fan ishlanmalari iqtisodiyotning real sektorlariga shiddat bilan kirib bordi. Tanlov komissiyasi tomonidan aynan mana shunday innovatsion gʻoyalarni davlat siyosati darajasidagi amaliy mexanizmlarga aylantira olish qobiliyatimiz eng yuqori bahoga loyiq koʻrildi.
Bugungi zamon shiddati davlat xizmatchisidan xalqaro tajriba va global fikrlashni ham taqozo etmoqda. Zamonaviy maʼmuriy xodim milliy va global trendlarni juda teran anglashi lozim. Shu maqsadda Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Vengriya, Malayziya, Misr, Ozarbayjon va Janubiy Koreya kabi davlatlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ilmiy va innovatsion hamkorliklarni rivojlantirishdagi faol ishtirokimiz Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi innovatsion aloqalarini tubdan kengaytirishga xizmat qildi.
Shu kabi koʻplab oʻzgarishlarni tahlil qilish binobarida yaqin tarixga nazar tashlar ekanmiz, bir oddiy haqiqatni tushunmoq darkor — davlatni boshqarish — tarixan adolat, intizom va xalq roziligi muvozanatini topish sanʼatidir. Dunyo xaritasida oʻchmas iz qoldirgan, oʻz davrining qudratli imperiya va davlatlarini barpo etgan ajdodlarimiz ham oʻtmishda avvalo davlat boshqaruvining sifati va samaradorligiga birlamchi vazifa sifatida qaraganlar. Bugun Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda joriy etilayotgan “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturining zamirida ham aslida bizning qon-qonimizga singib ketgan, tariximizda sinalgan boshqaruv falsafasi yotadi. Moziyning qay bir sahifasini varaqlamaylik, boshqaruv tizimini isloh qilish orqali yuksalishga erishgan buyuk hukmdorlar siymosiga duch kelamiz. Xususan, buyuk sarkarda bobokalonimiz — Amir Temur ham davlatni kuch bilan emas, birinchi navbatda aniq qonun-qoidalar va tizimli boshqaruv bilan idora etgan. Darhaqiqat, Sohibqiron saltanatida vazirlar va hokimlar faoliyati ularning xalqqa qilgan xizmati, adolati va iqtisodiy natijadorligiga qarab baholangan. Bu boshqaruv uslubi bugungi kun taʼbiri bilan aytganda “strategik rejalashtirish va jamoatchilik fikrini tinglash” demakdir. Bugun Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning markaziga ham “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ulugʻvor gʻoya qoʻyildi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirildi:
- Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilib, aholi va tadbirkorlar uchun byurokratik toʻsiqlar keskin kamaytirildi.
- Vazirlik va idoralarning soni maqbullashtirilib, ularning vakolat va masʼuliyati aniq belgilab berildi.
- Raqamli hukumat va elektron hujjat aylanishi tizimi joriy etilishi natijasida davlat organlari faoliyatining shaffofligi oshdi.
Albatta, erishilgan ushbu yutuq va eʼtiroflar shaxsiy muvaffaqiyat emas, butun boshli tizim mehnatining asl mevasidir. Fikrimizni dalillar ekanmiz, olib borilgan izchil islohotlar natijasida universitetlar ishtirokida 194 ta taʼlim turizmi yoʻnalishi tashkil etildi, “Yosh gidlar maktabi” loyihasi orqali 378 nafar salohiyatli talaba tayyorlandi. Bu esa oliy taʼlim muassasalarining mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishidagi strategik oʻrnini yanada kuchaytirdi. Mana shunday ulkan zafarlar poydevorini yaratishda taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida fidokorona mehnat qilayotgan minglab mutaxassislar qatorida kamtarona hissamiz borligi bizga cheksiz faxr bagʻishlaydi.
Oʻzgarishlar koʻlami katta, biroq, dunyo shiddat bilan yangilanmoqda. Bugungi zamon davlat xizmatchilaridan odatiy vazifalardan tashqari iqtidorlilik, tashabbuskorlik, kelajakni oldindan koʻra olish, strategik fikrlashni va har bir qarorning yakuniy natijadorligini taʼminlashni talab qilmoqda. Aynan shu bois, davlat boshqaruvida dunyoning eng ilgʻor modellaridan birini yarata olgan Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda yangi dasturning yoʻlga qoʻyilishi davr talabidir.
Eʼtirof etish kerakki, bu borada joriy yilning 22-may kuni Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda «Sifatli davlat boshqaruvi” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoyish jamoatchilik oʻrtasida katta qiziqish uygʻotdi. Xalqqa xolis xizmat qilish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi boʻlgan ushbu Farmoyish davlat boshqaruvi tizimini mutlaqo yangi, zamonaviy bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Barchamizga yaxshi ayonki, BAA — qisqa muddatda davlat boshqaruvi, raqamlashtirish va byurokratiyadan xoli samarali tizimni yaratishda dunyoda peshqadamlardan biriga aylangan davlat. Ushbu dasturning yoʻlga qoʻyilishi biz uchun eng ilgʻor global tajribani milliy manfaatlarimiz va mentalitetimizga moslashtirgan holda tizimga joriy etish imkonini yaratadi. Uning asosiy mohiyati — davlat idoralari faoliyatini shaffof, raqobatbardosh va faqat natijaga yoʻnaltirilgan tizimga aylantirishdan iborat. Farmoyishda juda aniq va keskin vertikal boshqaruv mexanizmi koʻrsatilgan. Dasturni hayotga tatbiq etish uchun ikkita asosiy tuzilma masʼul etib belgilandi:
- Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi;
- Boshqaruv samaradorligi agentligi.
Bu ikki organ xalqaro ekspertlar bilan muloqotni taʼminlash bilan birga, vazirlik va idoralardagi islohotlar surʼatini bevosita nazorat qiladi. Ular dasturda ishtirok etuvchi respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, shuningdek, maxsus mukofot nominatsiyalarining roʻyxatini tasdiqlaydi. Yaʼni, qaysi idora qaysi yoʻnalishda baholanishi va qaysi mezonlar asosida ragʻbatlantirilishini mana shu masʼul agentliklar belgilab beradi.
Eng katta yangilik esa 2026-yildan boshlab har 2-yilda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati samaradorligi ushbu Dastur asosida reyting baholab boriladi. Ilgari idoralar faoliyati koʻproq ichki hisobotlar va qogʻozdagi raqamlarga qarab baholangan boʻlsa, endilikda BAA tajribasi asosida KPI tizimi mutlaqo yangicha mezonlar asosida ishlaydi. Bu yerda asosiy urgʻu quyidagilarga qaratiladi:
- xalqning davlat idoralaridan nechogʻli rozi ekanligi;
- davlat xizmatlarining tezkorligi va raqamlashganlik darajasi;
- qarorlar qabul qilishda byurokratik toʻsiqlarning yoʻqligi;
- strategik maqsadlarga erishish koʻrsatkichlari.
Mazkur tizim davlat organlari oʻrtasida sogʻlom raqobatni yuzaga keltiradi. Eng yaxshi natija koʻrsatgan vazirlik va rahbarlar maxsus nominatsiyalar boʻyicha mukofotlanadi, sustkashlikka yoʻl qoʻyganlari esa ishga yondashuvni, faoliyat uslubini, tizimni oʻzgartirishga majbur boʻladi. Demakki, davlat boshqaruvining sifati oshsa, buning natijasini birinchi navbatda xalqimiz sezadi.
Birinchidan, fuqarolarimizning davlat idoralari eshigida sarson boʻlishiga chek qoʻyiladi. Sababi, samaradorlikni baholash tizimi aholining murojaatlari qanday hal etilayotgani bilan bevosita bogʻliq boʻladi.
Ikkinchidan, tadbirkorlik muhiti yanada yaxshilanadi. Davlat agentliklari va inspeksiyalari tadbirkor uchun koʻmakchi va hamkor sifatida ishlashga oʻtadi.
Uchinchidan, byudjet mablagʻlarining maqsadli va tejamkorlik bilan sarflanishi ustidan nazorat kuchayadi.
Xoʻsh, bugungi shiddatli davrda Yangi Oʻzbekistonga aslida qanday davlat xizmatchilari kerak?
Bugungi taraqqiyotning yangi bosqichida rahbar va xodimlardan kundalik vazifasidan tashqari yuksak tashabbuskorlik, innovatsion fikrlash, doimiy oʻqish va oʻzgarishlarga strategik tayyorlik talab qilinmoqda. “Eng namunali maʼmuriy xodim” nominatsiyasi gʻolibining kundalik faoliyati shuni koʻrsatadiki, zamonaviy davlat xizmatchisi: strategik fikrlay olishi, raqamlar va chuqur tahlillarga tayanishi, innovatsiyalarni tizimli ravishda amaliyotga joriy qilishi, xalqaro ilgʻor tajribani milliy islohotlarga tatbiq eta olishi, jamoani ulugʻvor maqsadlar sari birlashtira olishi va eng muhimi — mamlakat manfaatini shaxsiy manfaatdan hamisha ustun qoʻya bilishi lozim. Aynan mana shu omillar va fazilatlar mening “Sifatli davlat boshqaruvi – 2026” dasturida yuksak eʼtirofga sazovor boʻlishimga mustahkam asos boʻldi. Bu eʼtirof, avvalo, Yangi Oʻzbekistonda bilimli, tashabbuskor va qatʼiy natijaga yoʻnaltirilgan yangi davlat xizmatchilari avlodi shakllanayotganining yana bir amaliy va yaqqol isbotidir.
Muxtasar aytganda, “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi — davlat xizmatchilarining dunyoqarashini oʻzgartiradigan, ularni xalqqa yanada yaqinlashtiradigan va Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini tezlashtiradigan strategik mexanizm. Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ushbu vazifalarni sifatli ijro etish esa barchamizdan yuqori masʼuliyat va fidoyilikni talab etadi.
Dasturning keyingi bosqichlari yanada ochiq va talabchan boʻlishi, respublika idoralaridan quyi boʻgʻingacha — mahalliy hokimliklar darajasida ham baholash tizimi yoʻlga qoʻyilishi bizning masʼuliyatimizni ikki karra oshiradi. Endi biz boshqalarga oʻrnak boʻlishimiz, ishga yondashuvda yangi andozalar, yangi tamoyillarni yaratishimiz zarur.
Fursatdan foydalanib, bizga mana shunday sogʻlom raqobat muhitini yaratib bergan, mehnatimizni qadrlagan Muhtaram Prezidentimizga, xalqaro va mahalliy ekspertlarga oʻzimning cheksiz minnatdorligimni bildiraman. Bundan keyin ham Vatanimiz taraqqiyoti, davlat boshqaruvida sifatli va samarali tizimlarni rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalarni keng joriy etish yoʻlida bor bilim va tajribamni safarbar qilishga tayyorman. Zero, Yangi Oʻzbekistonni shu mehnatimizning shiddati, vijdonan bajarilgan ish sifati va tolmas qatʼiyatimiz kuchi bilan barpo etamiz!
Fazliddin MOʻMINOV,
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshligʻi,
“Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi gʻolibi