Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti boʻyicha hisobotida Oʻzbekiston 31-oʻrinni egalladi. Davlatimiz rahbari bu natijalar, avvalo, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini taʼkidladi.
Joriy yil kooperatsiya, davlat xaridi, standart, oziq-ovqat xavfsizligi va urbanizatsiya sohalarida institutsional oʻzgarishlar amalga oshirildi. “Milliy sanoat zanjiri” orqali xususiy korxonalar yirik davlat kompaniyalaridan 4 trillion soʻmlik buyurtmalar oldi.
Strategik korxonalar mahalliylashtirish uchun 650 dan ziyod yangi mahsulot roʻyxatini eʼlon qildi. Bu tadbirkorlar uchun qoʻshimcha 1 milliard dollarlik bozor yaratdi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻiga oʻtish chegarasi 1 milliard soʻmdan 5 milliard soʻmga oshirildi. Kafe va restoranlarga 100 milliard soʻm QQS “keshbek” sifatida qaytarildi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga “nol” stavka joriy qilinishi hisobiga 400 milliard soʻm fermerlarda qoldi.
Qozogʻistonda 11 turdagi qurilish materiallari importiga cheklov bekor qilindi, Turkmaniston bilan oʻzaro bojsiz savdo rejimi yoʻlga qoʻyildi. Iordaniya, Pokiston, Eron va Afgʻoniston bilan yuzlab mahsulotlar boʻyicha imtiyozli savdo bitimlari tuzildi.