Bugun, 2-sentyabr kuni Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida Prezident Abdulfattoh as-Sisi homiyligida hamda Butunjahon fatvo idoralari va hayʼatlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman oʻz ishini boshladi.
“Global oʻzgarishlar sharoitida oilaviy masalalar: oilani himoya qilish, uning kelajagi va milliy-diniy oʻzlikni asrashda fatvo yondashuvlari” mavzusidagi mazkur ilmiy anjumanda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etmoqda.
Yuksak mukofotni Misr Arab Respublikasi bosh muftiysi, Butunjahon fatvo idoralari va hayʼatlari Bosh kotibiyati raisi, professor Nazir Muhammad Ayyod, Misr vaqf vaziri doktor Usoma al-Azhariy hamda Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano tantanali ravishda topshirdi.
Taqdirlash marosimida turli mamlakatlardan kelgan 500 nafardan ziyod anjuman ishtirokchilari eʼtiboriga Oʻzbekistondagi diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar hamda Muftiy hazratlarining koʻp qirrali faoliyatiga bagʻishlangan maxsus videorolik namoyish etildi.
Unda yurtimizning qadimdan buyuk sivilizatsiyalar beshigi, ilm-maʼrifat va islom madaniyatining yirik markazlaridan biri boʻlib kelgani, shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar aks ettirildi.
Videorolikda Muftiy hazratlarining samarali faoliyati, jumladan, Fatvo markazining ishga tushirilishi va moʻtadillikni targʻib etish borasidagi tashabbuslarga ham alohida oʻrin berildi.