Bu haqida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil 3 iyun kuni o‘tkazilgan «Loyihalar kuni» taqdimot tadbirida blogerlarning kasbiy salohiyatini oshirish, media savodxonligini rivojlantirish, yosh blogerlar avlodini shakllantirish hamda iqtidorli kontent yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Blogerlar ijodiy kengashini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgan edi.
Kengashning birinchi tadbiri doirasida blogerlar, media ekspertlar, jurnalistlar va soha mutaxassislari ishtirokida muhokamalar o‘tkazildi. Unda Kengash faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Blogerlar ijodiy kengashining tashkil etilishi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining zamonaviy media makonida mas’uliyatli kontent yaratish, soha vakillarining kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda ochiq va konstruktiv muloqot maydonini shakllantirishga qaratilgan izchil faoliyatining navbatdagi muhim bosqichi hisoblanadi.