Unda 2025 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, korrupsiyaning oldini olish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida muayyan natijalarga erishilgani qayd etildi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida oʻtkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida respublika boʻylab sogʻliqni saqlash, taʼlim, bandlik, bank va kadastr sohalarida korrupsiya va byurokratiyaning kelib chiqish sabablari joyida oʻrganildi.
Oʻrganishlar natijalari asosida hududlar va vazirliklarda sayyor yigʻilishlar oʻtkazilib, korrupsiya xavfi yuqori boʻlgan tuman va shaharlar uchun manzilli «yoʻl xaritalari» tasdiqlandi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan 7 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish koʻlami kengaytirildi, davlat xaridlari sohasida qonunbuzilishlarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrildi.
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat — komplaens tuzilmalarini mustaqil shaklda qayta tashkil etildi.
Shu bilan birga, muhokama davomida sohada saqlanib qolayotgan tizimli muammo va kamchiliklarga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, 2025 yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar boʻyicha 7 517 nafar shaxs jinoyiy javobgarlikka tortilgan. Davlat manfaatlariga 2,9 trln soʻmdan ortiq zarar yetkazilgan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlarning eng koʻpi maktabgacha va maktab taʼlimi, sogʻliqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har toʻrtinchisida korrupsiyaviy omillar aniqlangan. Davlat xaridlari sohasida 12,6 trln soʻmlik qonunbuzilishlar qayd etilgan.
Ayrim davlat organlari va hududlar korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi hamda ochiqlik indeksi boʻyicha qoniqarsiz natija koʻrsatgan.
Senatorlar korrupsiyaga qarshi kurashishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda, profilaktika ishlari samaradorligini oshirish, davlat xaridlari sohasida qonuniylikni mustahkamlash, ichki nazorat — komplaens tizimi faoliyatini kuchaytirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash hamda korrupsiya oqibatida davlatga yetkazilgan zararning qoplanishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini taʼkidladilar.
Muhokama jarayonida Senat aʼzolari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar bildirildi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.