Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, soʻnggi yillarda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, xususiy kapital va investitsiyalar uchun kengroq imkoniyat yaratish maqsadida davlat aktivlarini boshqarish va xususiylashtirish sohasida qator islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2023-yilda “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi, 2024-yilda esa “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi.
Xususiylashtirish jarayonlariga xalqaro amaliyotga mos mexanizmlar ham joriy etilmoqda. “Sot yoki tushuntir” tamoyili asosida 2021–2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalar soni 61 foizga qisqartirildi.
Yirik davlat aktivlariga xususiy va xorijiy kapitalni jalb qilish boʻyicha ham muhim bitimlar amalga oshirildi. Xususan, Coca-Cola Uzbekistan 252 mln AQSH dollariga, Ipoteka bank 324 mln AQSH dollariga, Samarqand avtomobil zavodidagi davlat ulushining 75,2 foizi esa 80 mln AQSH dollariga sotildi.
Shu bilan birga, koʻchmas mulk va yer bozorlarida ham yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. 2022–2025-yillarda mulk huquqi va ijara huquqi asosida auksionlarga chiqarilgan va realizatsiya qilingan yer uchastkalari hajmi qariyb 4 barobarga oshdi.
2026-yilning birinchi yarmida 1,8 ming gektar yer uchastkasi realizatsiya qilindi. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha murojaatlar soni esa 2022-yilga nisbatan qariyb 5 barobarga oshgan.
Davlat aktivlarini sotishda raqamli mexanizmlardan foydalanish koʻlami ham kengaymoqda. Bugungi kunga qadar “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali qariyb 1,5 mln obyekt savdoga chiqarilgan, shundan 1,2 mln dan ortigʻi realizatsiya qilingan.
Shuningdek, 2026-yilda “Riyeltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi yangi qonun qabul qilinib, sohada Yagona reyestr va mulk obyektlarini birgalikda taklif qilish imkonini beruvchi multillisting tizimini joriy etish nazarda tutildi.
Islohotlarning keyingi bosqichida 2030-yilga qadar nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish, davlat ishtirokidagi korxonalar sonini qariyb 6 barobarga qisqartirish rejalashtirilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi maʼlum qilishicha, bu choralar davlat mulkidan samarali foydalanish, xususiylashtirish jarayonlarining shaffofligini oshirish, xususiy kapital va investitsiyalarni jalb qilish hamda tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.