Davlat aktivlarini boshqarish agentligi MobiUzʼning 100 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha xalqaro xususiylashtirish jarayoni yakunlangani va g‘olib investor aniqlanganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, savdo jarayonlarida AQSh, Yaponiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Yevropa va Kavkazorti mintaqalaridan 15 dan ziyod investor ishtirok etdi. Ulardan 10 nafari dastlabki narx takliflarini bergan bo‘lsa, 6 nafar ishtirokchi kompaniyani sotib olish bo‘yicha qat’iy taklif taqdim etdi.
Yakuniy bosqich natijalariga ko‘ra, Davlat aktivlari agentligi AQShning «McKim and Company» kompaniyasi boshchiligidagi moliyaviy investorlar hamda texnologik hamkor «JVR Enterprises LLC» («JVR Capital Group») ishtirokidagi konsortsium taklifini g‘olib deb topdi.
G‘olib taklifga muvofiq, MobiUz kompaniyasi 351 million AQSh dollariga baholangan. Shuningdek, investorlar mamlakat telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun 500 million AQSh dollarigacha investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bitimning EV/EBITDA multiplikatori 7,4 baravarni tashkil etgan bo‘lib, bu kompaniyaning yuqori bozor bahosida sotilganini ko‘rsatadi. Ko‘rsatkich mustaqil baholovchilar tomonidan aniqlangan qiymatdan ham yuqori ekani qayd etildi.
Bitimni to‘liq yakunlash uchun tegishli davlat organlarining ruxsatnomalarini olish hamda zarur korporativ va huquqiy tartib-taomillarni bajarish talab etiladi.