Zidan Fransiya terma jamoasi tarixidagi 18-bosh murabbiy. Uning shartnomasi to‘rt yilga, 2030 yilgi Jahon chempionatiga qadar amal qiladi. U rasman 1 avgustdan ish boshlaydi. Zidanning murabbiylar shtabi sentyabr oyining boshida e’lon qilinadi. Fransiya terma jamoasi Zidan boshchiligidagi birinchi o‘yinini 25 sentyabr kuni Millatlar ligasi guruh bosqichining birinchi turida Turkiyaga qarshi safarda o‘tkazadi, deb xabar berdi ria.ru.

“Men ko‘p aytganman: Fransiya terma jamoasidan kattaroq hech narsa yo‘q. Shuning uchun, bu jamoaning bosh murabbiyi bo‘lish men uchun katta quvonch va, albatta, katta faxr. Bu katta mas’uliyat ham. Men FFF prezidenti Filipp Diallo, ijroiya qo‘mita va Fransiya futbol Federatsiyasiga ishonchlari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman, shuningdek, Dide va uning shtabining o‘n to‘rt yillik mehnatiga ham hurmat bajo keltiraman. Bugun men barcha murabbiylarim haqida ham o‘ylayapman. Shubhasiz, Fransiya terma jamoasi uchun katta ambitsiyalarim bor!”, dedi Zidan.

Zidan 2012 yildan beri Fransiya terma jamoasini boshqargan va 2026 yilgi Jahon chempionatidan keyin ishini yakunlagan vatandoshi Dide Deshamning o‘rnini egalladi. Uning rahbarligida “uch ranglilar” Jahon chempioni (2018) va Jahon chempionati (2022) va Yevropa chempionatlarida (2016) kumush medal sohibiga aylandi. Futbolchi sifatida Zidan va Desham Fransiya terma jamoasida 1998 yilgi Jahon chempionati va 2000 yilgi Yevropa chempionatlarida oltin medallarni qo‘lga kiritishdi.

Zidan “Real Madrid”ni ikki marta (2016-2018, 2019-2021) boshqargan, uch marta Chempionlar Ligasida, shuningdek, Ispaniya chempionatida, Ispaniya Superkubogida, UEFA Superkubogida va Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ikki martadan g‘olib chiqqan.