Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, Fargʻona viloyatida xususiy aksiyadorlik tijorat banklaridan birining bank xizmatlari markazi rahbari tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan fuqaroga 2,5 milliard soʻm kredit ajratib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga u kredit mablagʻining 5 foizi — 125 million soʻm talab qilgan.
DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda bank masʼuli talab qilingan pulning bir qismi — 10 ming dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimligi mansabdor xodimi ham tezkor tadbir davomida qoʻlga olingan.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, u tadbirkorga tuman melioratsiya boʻlimi balansida boʻlgan 45 sotix yer maydonini tanishlari orqali olib berishni, shuningdek, 2002 yilda tugʻilgan tanishini mahalliy MChJlardan biriga ishga joylashtirib qoʻyishni vaʼda qilgan. Bu xizmatlari uchun u 500 dollar talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida mansabdor soʻralgan pulni olgan vaqtda ushlangan. Shuningdek, tekshiruv jarayonida u ushbu masalalarni hal qilib berish bahonasida avval ham 3,5 million soʻm olib, uni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgani aniqlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.