Hujjatda sogʻliqni saqlash tizimlari va tibbiyot xodimlari uchun ilmiy asoslangan, oʻz vaqtida hamda insonga yoʻnaltirilgan yordam koʻrsatish usullari bayon etilgan.

JSST maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda 5–19 yoshli 170 million bola va oʻsmir semizlikdan aziyat chekkan. Ularning 70 millioni 5–9 yoshli bolalar, 100 millioni esa 10–19 yoshli oʻsmirlardir. Ushbu yosh toifasida semizlikning tarqalish darajasi 1990-yildagi 2 foizdan 2024-yilda 8 foizga yetgan, yaʼni toʻrt barobar oshgan.

Tashkilot semizlikni surunkali va qaytalanuvchi kasallik sifatida baholaydi. Uning oqibatlari bolalikdan boshlanib, 2-toifa qandli diabet va yurak-qon tomir kasalliklari kabi yuqumli boʻlmagan kasalliklar xavfini oshirishi mumkin. Semizlikdan aziyat chekayotgan bolalar va oʻsmirlar stigma, kamsitish va bullingga ham duch kelishi mumkin.

JSST ortiqcha vaznga ega bolalar va oʻsmirlar uchun tuzilmaviy parhez, jismoniy faollik hamda xulq-atvorni oʻzgartirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tavsiya qilmoqda. Bunday yordam individual tarzda yoki bir nechta usulni birlashtirgan dastur doirasida koʻrsatilishi mumkin. Raqamli sogʻliqni saqlash vositalaridan esa ota-ona yoki vasiy nazorati ostida foydalanish shartli ravishda tavsiya etiladi.

Tavsiyalarga muvofiq, 0–9 yoshli bolalarda semizlikni davolash uchun dori-darmonlar, bariatrik jarrohlik yoki vazn kamaytiruvchi moslamalardan foydalanish tavsiya etilmaydi.

10–19 yoshli oʻsmirlarda tasdiqlangan dori vositalari bilan davolash nazorat qilinadigan, turmush tarzini oʻzgartirishga qaratilgan dastur kutilgan natijani bermagandagina koʻrib chiqilishi mumkin. Ogʻir darajadagi semizlik kuzatilgan oʻsmirlarda bariatrik jarrohlik esa qatʼiy shartlar asosida amalga oshirilishi mumkin.

JSSTning Ovqatlanish va oziq-ovqat xavfsizligi departamenti direktori doktor Luz Mariya De Regilning taʼkidlashicha, bolalar va oʻsmirlarda semizlikni davolashning asosi dori-darmonlar yoki jarrohlik emas, balki sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik va barqaror xulq-atvor oʻzgarishlarini taʼminlaydigan kompleks yordamdir.

Uning qayd etishicha, har bir bola va oʻsmir erta yoshdan sifatli tibbiy yordam va qoʻllab-quvvatlovchi muhitdan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi, bu esa sogʻlom vaznga erishish va uni saqlashga yordam berishi kerak.

JSST hujjatida semizlik va ruhiy salomatlik oʻrtasidagi bogʻliqlikka ham eʼtibor qaratilgan. Xavotir, depressiya, oʻzini past baholash va hissiyotlarni boshqarishdagi qiyinchiliklar nosogʻlom ovqatlanish, jismoniy harakatsizlik hamda ijtimoiy yakkalanishga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, semizlik bilan yashayotgan bolalar va oʻsmirlar kamsitish va bulling sababli ruhiy qiyinchiliklarga duch kelishi ehtimoli bor.

Shu bois tibbiyot xodimlariga semizlik va ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolarni erta aniqlash, ularni birgalikda hal qilish, yoshga mos va oilani jalb etgan yondashuvlardan foydalanish tavsiya etilgan.

Hujjatda sogʻlom vaznga erishish yoki uni saqlashda asosiy eʼtibor salomatlik, harakatchanlik va umumiy farovonlikni yaxshilashga qaratilishi lozimligi taʼkidlangan. Bunda har bir bola va oilaning ehtiyojlarini hisobga olish, uzoq muddatli kuzatuv va uzluksiz yordamni taʼminlash muhim.

JSSTning qayd etishicha, faqat davolash choralari semizlikning global oʻsishini toʻxtatish uchun yetarli emas. Shu sababli tashkilot sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollikni qulay hamda hamyonbop qilishga qaratilgan siyosatni kuchaytirishga chaqirmoqda. Bunda tartibga solish va fiskal choralar bilan birga taʼlim, shaharsozlik, transport va ijtimoiy himoya sohalaridagi saʼy-harakatlar ham muhim oʻrin tutadi.

Mazkur tavsiyalar JSSTning semizlikka qarshi global chora-tadbirlari, jumladan, uni toʻxtatish boʻyicha tezkor rejasining bir qismi hisoblanadi. Hujjatda bolalikdan oʻsmirlik va katta yoshgacha boʻlgan davrda semizlikni boshqarish hamda nazorat qilish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ham keltirilgan.