Konstitutsiya bejizga mustaqillikka erishiganimizdanoq bevosita birinchilardan bo‘lib qabul qilingan hujjat sifatida e’tirof etilmagan. Aynan shu huquqiy hujjat suverenitetimizni, erkinligimizni va o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash huquqimizni mustahkamlaydi. Konstitusiya xalqimizning asrlar davomida erkinlik va mustaqillik uchun olib borgan kurashi natijasidir. Aynan 2024-yil 8-dekabrda Konstitutsiya qabul qilinganiga 32 yil to‘ladi. Ushbu muddat davomida milliy qomusimizga bir qancha o‘zgartirish kiritilib, mukammallashtirib borilmoqda. Eng so‘nggi kiritilgan o‘zgartirishlarga ko’ra, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshirildi hamda bir qancha qo‘shimcha boblar kiritildi. Jumladan, amaldagi konstitutsiyamizda advokatura bo‘limi qo‘shimcha tarzda kiritib o‘tildi. Bu ham albatta mamlakatimizda advokatlarning huquqiy maqomi oshishiga xizmat qiladi. Konstitutsiyaning prinsiplariga urg‘u qaratar ekanmiz, asosiy prinsiplardan biri insonni oliy qadriyat deb e’tirof etishga alohida e’tibor berish lozimdir. Ushbu prinsip har bir insonning jamiyat hamda davlat oldida tengligida namoyon bo‘ladi ya’ni: bu tamoyil barcha insonlarning irqi, millati, dini, jinsi, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, bir xil huquq va erkinliklarga ega ekanligida, huquq va erkinliklarning kafolatida bilinadi.

Konstitutsiyamiz faqatgina inson oliy qadriyat prinsipidan iborat emas. Unda bundan tashqari sud, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ijtimoiy-siyosiy huquqlar to‘g‘risida moddalar ham mavjud. Konstitutsiyaning ijtimoiy va siyosiy huquqlar bo‘limi jamiyatdagi har bir insonning huquqlari va erkinliklari kafolatlarini ta’minlaydi. Ijtimoiy huquqlar bu har bir fuqaro va jamiyat a’zosining o‘zining

ijtimoiy ehtiyojlarini, ya’ni ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va boshqalar bilan bog‘liq huquqlaridir. Ushbu huquqlar davlat tomonidan kafolatlanadi va fuqarolarni ijtimoiy farovonlikni ta’minlashga qaratilgan. Siyosiy huquqlar bo‘limida esa har bir fuqaroning davlat ishlarida bevosita hamda bilvosita ya’ni o‘zlari saylagan deputatlari orqali qatnashish, saylash va saylanish huquqlari ta’minlanadi. O'zbekistonda fuqarolar mustaqil ravishda siyosiy partiyalar yaratishi, ularning faoliyatini amalga oshirishi va saylovlarda qatnashishi mumkin. Bu esa demokratik jarayonlarni qo‘llab-quvvatlaydi va davlat boshqaruvini xalq tomonidan nazorat qilish imkonini yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, O’zbekiston Konstitutsiyasi – bu nafaqat davlatning asosiy hujjati, balki xalqimizning erkinlik, tenglik va farovonlikka intilishining aks etgan ifodasi. Konstitutsiya har bir fuqaroga o‘z huquq va erkinliklarini ta’minlashda kafolat bo‘lib, ularni rivojlanish, ijtimoiy adolat va siyosiy erkinliklar bilan ta’minlaydi. Unda insonning oliy qadriyat sifatida tan olinishi, sud tizimi, davlat hokimiyatlarining taqsimlanishi, ijtimoiy va siyosiy huquqlarning himoya qilinishi kabi tamoyillar ta'minlangan. Ayniqsa, iqtisodiy huquqlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya kabi huquqlar, fuqarolarni erkin va farovon yashashlarini kafolatlaydi.


Toshmatov Oybek, 

Toshkent davlat yuridik universiteti

Xorijiy tillar kafedrasi mudiri, dotsent