Qayd etilishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, hozirda probatsiya hisobida turgan shaxs va uning 1995 yilda tug‘ilgan sherigi Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida joylashgan dala maydonidagi hufiya joydan 2 kg 381 gr «Alfa-PVP» sintetik giyohvandlik vositasini olib, ortga qaytayotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bojxona organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, ushbu sintetik narkotik modda «Telegram» messenjeridagi internet narkodokon a’zolari tomonidan Rossiya Federatsiyasidan mamlakatimizga olib kelingan.
Boshqa holatda esa Yangiyo‘l shahrida faoliyat yurituvchi tijorat banklaridan birining 2 nafar mutaxassisi muqaddam narkokurerlar Yangiyo‘l tumanidagi dala maydoniga yashirib ketgan 485 gr «Alfa-PVP» sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olib, o‘zlarining 1998 yilda tug‘ilgan tanishini xonadonida saqlayotganliklari aniqlandi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ulardan ushbu giyohvandlik vositasi ashyoiy dalil sifatida olindi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, mazkur shaxslarga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.