Buxoro viloyati Qorako'l tumani "Xo'jalar"  mahalalsida  bir nuroniy onaxon istiqomat qiladi. Bu yil 96 yoshni qarshilagan Soraxon onani yo'qlab ularning uylariga bordik. 

Ziyoli oilada dunyoga kelgan Soraxon Boymurodovaning bolaligi urush yillariga to'g'ri kelgan.

Bolaligidan og'ir mehnatda ulg'aygan  onaxon  oliy ma'lumotli bo'lish orzusiga eta olmagan. Lekin marhum turmush o'rtog'i bilan 11 nafar farzandning barchasini oliy ma'lumotli qilib yurt xizmatiga safarbar qilgan.

Bir umr dalada mehnat qilgan Sora onani  oddiygina qishloq sharoitidagi hovlisida eng kenja o'g'li bilan yashaydi. 4 o'g'li, 4 qizi, kelin va kuyovlar, 34 nevara, 60 evara, 1 nafar chevaraning ardog'ida hayot kechirmoqda. Mustaqillik bergan imkoniyat tufayli haj ziyoratiga borib kelgan.

Onaxon bilan suhbat qurar ekanmiz, har ikki gapning birida shukronalik eshitdik. Bosib o'tgan hayot yo'llari haqida gapirar ekan, bugungi zamon umrining eng go'zal pallasi ekanini bot-bot ta'kidlaydi Sora ona. YOsh avlod faqat ilm olishi, farovon hayotning qadriga etishi kerak, deya nasihat qiladi. Davlat rahbariga minnatdorligini izhor qilib, uzundan uzoq duo qiladi.

To'g'risi, Sora hoji onaning nuroniy siymosida, ko'ksidan tushmaydigan ikki qo'lida katta hayotiy tajribaning timsolini ko'rdik. Bugungi sharoitlardan ruhlanib yashayotgan onaxon hali ancha tetik. Gaplari purma'no, kulishlari samimiy. Biz ham ularning duolarini olish imkoniyatidan bahramand bo'ldik.

Onaxon bilan xayr-xo'sh qilib uylarini tark etarkanmiz, ortimizdan, 100 ga kirganimda ham kelinglar, degan gaplari eshitildi. Biz ham shu niyatni dilimizga tugdik...

 

Mavjuda RO'ZIEVA,

Buxoro shahar “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi raisi