Ayni paytda bu yerda “Yangi Oʻzbekiston massivi” bunyod etilayotgan boʻlib, keng koʻlamli ishlar olib borilyapti.

Piskent tumanida bunyod etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” turar joy massivida ham 19 gektar maydonda 70 ta 5 va 7 qavatli uylar qad rostlayapti. Buning natijasida 2 mingga yaqin oila uy-joy bilan taʼminlanadi.

Muhimi, bu imoratlar aholining uy-joylarga boʻlgan talabidan kelib chiqib qurilyapti. Xonadonlar ehtiyojmand oilalarga moliyaviy ahvoli inobatga olinib, kam foizli va uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida berilmoqda. Kam taʼminlangan fuqarolarning boshlangʻich toʻlovlari davlat tomonidan subsidiya asosida toʻlab beriladi.

Viloyat hokimi loyihalarni koʻzdan kechirar ekan, bu ishlarga masʼul boʻlgan mutaxassislarga oʻz tavsiyalarini berdi.

— Har bir bino koʻrinishidan tortib, shart-sharoitlarigacha zamonaviy talablar asosida qurilishi kerak, — dedi Zoyir Mirzayev. — Xonadonlarda yashaydigan har bir oila buni toʻla his qilishi lozim. Issiq va sovuq suv, gaz, elektr taʼminoti, kanalizatsiya tizimlarida muammo boʻlmasligi kerak. Massiv hududida bolalar maydonchalari, mini stadion, mahalla guzarlarini qurish uchun samarali faoliyat koʻrsatayotgan qurilish va loyihachi tashkilotlar tajribasidan foydalanish lozim.

Qayd etilganidek, massivdagi dastlabki uy-joylar Navroʻz bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Qolgan xonadonlar ham loyiha rejasi asosida 2025-yilgacha qurib bitkaziladi.

Gulichehra DURDIYEVA

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri