Olmaliq shahridagi sport maktabida “Yangi Oʻzbekiston — yangicha dunyoqarash” shiori ostida vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.
Shahar hokimligi, hududdagi harbiy qism, mutasaddi davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda 3-sektor hududidagi 13 ta mahallaning 2 mingdan ziyod aholisi, ayniqsa, yoshlari qamrab olindi.
Ochilish marosimida soʻz olganlar Milliy armiyamiz qudrati va salohiyatini oʻzida aks ettirgan bunday tadbirlar yoshlarimizga koʻtarinki kayfiyat ulashib, ularda ona Vatanga boʻlgan muhabbat tuygʻusini mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi. Oʻgʻil-qizlarni boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etilgan keng qamrovli festival ishtirokchilarga kelajak maqsadlarini belgilab olishlarida koʻmak berishi aytib oʻtildi.Festival doirasida zamonaviy texnikalar, qurol-yarogʻlar namoyish qilindi. Shuningdek, faxriy qorovul chiqishlari, harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi chiqishlari ham yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Sportning shaxmat-shashka, stol tennisi, futbol va voleybol kabi turlari boʻyicha yoshlar oʻrtasida musobaqalar tashkil etildi. “Zakovat” intellektual oʻyini esa koʻplab bilimdonlarni bir joyga jamladi.