2021-yildan Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadalari oʻtkaziladi

    Ta'lim 13 Avgust 2020 12124

    2021-yildan har 2 yilda bir marotaba OTMlar talabalari orasida kimyo va biologiya fanlari boʻyicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadalari oʻtkaziladi.

    Bu haqda “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarorida belgilandi.

    Olimpiada gʻoliblariga bir martalik mukofot beriladi va ular tegishli mutaxassisliklar boʻyicha OTMlar magistraturasiga davlat granti asosida imtihonsiz oʻqishga qabul qilinadi.

    OTMlarning kimyo va biologiya taʼlim yoʻnalishlari talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadasi gʻoliblari hamda kimyo va biologiya fanlari boʻyicha nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari magistraturaga tegishli mutaxassisliklar boʻyicha oʻqishga ajratilgan kvota doirasida davlat grantlari asosida imtihonsiz qabul qilinadi.

    2021/2022 oʻquv yilidan boshlab kimyo va biologiya yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha OTMlar maktab bitiruvchi sinf oʻquvchilari oʻrtasida koʻp bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – OTM) kimyo va biologiya fani boʻyicha oʻzining olimpiadasini oʻtkazadi va 1-3 oʻrinlarni egallagan oʻquvchilarni OTMning mablagʻlari hisobidan imtihonsiz oʻqishga qabul qiladi.

    OTMlarning kimyo va biologiya taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha imtiyozli diplomga ega boʻlgan bitiruvchilari mazkur OTMning magistraturasiga qoʻshimcha imtihonlarsiz toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

    OTMlarning kimyo va biologiya mutaxassisligini aʼlo baholar bilan tamomlagan magistrlarni tayanch doktoranturaga OTMning kengashi qarori asosida imtihonlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri kvota doirasida qabul qilish tartibi joriy qilinadi.