Senatning beshinchi yalpi majlisida Bola huquqlari boʻyicha vakilning bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi maʼruzasi koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanishicha, 2024-yilda Bola huquqlari boʻyicha vakil nomiga Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar fuqarolari hamda ombudsmanlari, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 1064 ta murojaat kelib tushgan. 2023-yilga nisbatan solishtirganda ushbu koʻrsatkich 2,4 baravarga oshgan.
Maʼruzada taʼkidlanganidek, murojaatlarni oʻrganish natijasida aniqlangan bolalarga nisbatan sodir etilgan zoʻravonlik holatlari yuzasidan 14 ta jinoyat ishi hamda 18 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan.
Taʼlim muassasalarida bolaga jismoniy zoʻravonlik qilganligi hamda oʻz kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaragani uchun 7 nafar xodim maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Bolalarga nisbatan qilgan qoʻpol xatti-harakatlari uchun 22 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo qoʻllanilgan.
Shuningdek, Internet tarmogʻi monitoringi davomida aniqlangan oʻgʻil-qizlar huquqlarining buzilishiga oid 83 ta holat mutasaddi davlat organlari bilan hamkorlikda tekshirilib, bolalarga nisbatan sodir etilgan zoʻravonlik holatlari yuzasidan 15 ta jinoyat ishi hamda 9 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan.
Bundan tashqari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan hamkorlikda 87 ta holat yuzasidan hududlardagi bolaning ijtimoiy psixologik vaziyati baholanib, 11 nafar bolaga vasiy yoki homiy tayinlanishi taʼminlangan.
Bola huquqlari boʻyicha vakil nomiga murojaatlar va hamkor tashkilotlarning soʻrovlari asosida xorijda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan 52 nafar bolaning Oʻzbekistonga qaytarilishiga erishilgan.
Muhokamalar nihoyasida maʼruzani koʻrib chiqish yakunlari yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.