50 ming dollar evaziga AQSHga joʻnatmoqchi boʻlgan shaxs ushlandi

    U “avans” sifatida 10 ming AQSH dollarini olyotgan vaqtida qoʻlga olindi.

    DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1996-yilda tugʻilgan, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro J.Y. mahalliy fuqaroni 50 ming AQSH dollari evaziga “Toshkent — Yevropa Ittifoqi — Meksika — AQSH” yoʻnalishi orqali AQSHga joʻnatishni vaʼda qilib, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish uchun fuqaro N.T.dan “avans” sifatida 10 ming AQSH dollarini olyotgan vaqtida qoʻlga olindi.

    Fuqaro J.Y.ga tegishli avtomashina koʻzdan kechirilganida fuqaro N.T.ga tegishli xorijga chiqish pasporti, uning qizining ID-kartasi, tugʻilganlik haqidagi guvohnoma va hokazolar borligi aniqlanib, ashyoviy dalillar tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Hozirda holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deya xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.