Shu bilan birga, afgʻon tolonews maʼlumotlariga koʻra, tomonlar oʻrtasida muzokaralar boshlangan. Muzokaralarda Dohadan Qobulga yetib kelgan Tolibon harakati siyosiy idorasi rahbari Mulla Barodar boshqarmoqda.

Hukumatning qon toʻkilishiga barham berishga va Tolibonga murosa qilishga tayyorligini bilvosita Afgʻoniston ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Sattor Mirzakval tasdiqladi. Unga koʻra, Qobulga toliblar hujum qilmaydi va shahar talon-taroj qilinmaydi, hokimiyatni guruhga topshirish esa tinch yoʻl bilan amalga oshiriladi.

Al Arabiya xabar berishicha, davlat rahbari Ashraf Gʻani bugun isteʼfoga chiqadi. Shu bilan birga, toliblar boshchiligidagi muvaqqat hukumat tuziladi. Unga Mulla Barodar boshchilik qiladi. Boshqa manbalarning taʼkidlashicha, Gʻani hokimiyatni Afgʻonistonning sobiq ichki ishlar vaziri, hozir AQSH fuqarosi, 2003-yilda Afgʻonistonga qaytgan Ali Ahmad Jaloliga topshirgan.

Gʻani hukumati AQSH prezidenti Baydenning kechagi bayonotidan keyin, kutilganidek quladi, u mojaroga aralashishdan butunlay bosh tortib, mamlakatni himoya qilish uchun butun javobgarlikni Afgʻoniston qurolli kuchlariga yukladi.