Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror oʻsishini taʼminlash, investitsiyaviy faollikni oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar bajarilmoqda. Bunda har bir hududning iqtisodiy imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, yangi ish oʻrinlari va aholi uchun barqaror daromad manbalarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yigʻilishda bu borada Fargʻona viloyatida erishilgan natijalar tahlil qilindi. Joriy yil yakuniga koʻra viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,6 foizga, sanoat 8,5 foizga, xizmatlar hajmi 16,3 foizga oʻsishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarida hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligini, ularni roʻyobga chiqarish orqali aholi daromadlari va turmush darajasini sezilarli oshirish mumkinligini taʼkidladi.
Soʻnggi kunlarda xorijlik investorlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda energetika, qurilish materiallari sanoati, elektrotexnika va farmatsevtika sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qator kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.
Fargʻona viloyatida ham ushbu tarmoqlarni jadal rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud. Bu borada umumiy qiymati kamida 20 milliard dollarlik investitsiya loyihalarining portfeli shakllantirilgan.
Viloyat sanoatini rivojlantirishning yangi modeliga oʻtish boʻyicha takliflar bildirildi. Bunda istiqbolda talab yuqori boʻladigan mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, yirik sanoat korxonalari atrofida tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish, ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish orqali korxonalar samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda.
Oʻzbekiston, Beshariq va Fargʻona tumanlaridagi qariyb 1,5 ming gektar samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlarida maxsus sanoat zonalarini tashkil etish taklifi maʼqullandi.
Shuningdek, Fargʻona shahrida kimyo sanoati korxonalarining boʻsh turgan 24 gektar maydonida innovatsion texnopark tashkil etib, 300 million dollarlik loyihalarni joylashtirish, “Eltexsanoat” texnoparki hududini qoʻshimcha 70 gektarga kengaytirish va Dangʻara tumanida uning filialini ochish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Viloyatning tuman va shaharlarida xorijlik sheriklar bilan hamkorlikda qurilish materiallari, kabel mahsulotlari, shamol turbinalari, elektrobuslar, quyosh panellari uchun mikrochiplar, elektroskuterlar uchun akkumulyatorlar, avtomobil ehtiyot qismlari va maishiy texnika ishlab chiqarish boʻyicha istiqbolli loyihalar taqdimot qilindi.
Mavjud imkoniyatlarni ishga solish hisobiga 2027-yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmini kamida 10 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 9 foizga oshirish, 6,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksport hajmini 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Yigʻilishda viloyatning turizm salohiyatidan samarali foydalanish boʻyicha rejalar ham koʻrib chiqildi.
Fargʻonaning betakror tabiati, boy madaniy merosi va hunarmandchilik anʼanalari ekologik, ziyorat, gastronomik hamda sogʻlomlashtirish turizmini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Margʻilon, Qoʻqon va Fargʻona shaharlarida yirik turistik majmualarni tashkil etish, “Chimyon-soy” boʻyida, Dangʻara, Yozyovon, Oltiariq va Soʻx tumanlarida Parkent tumanidagi ilgʻor tajriba asosida zamonaviy turistik va oilaviy dam olish maskanlarini barpo etish rejalari taqdim etildi.
Qishloq xoʻjaligida yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish, xususan, bogʻdorchilikni sanoatlashtirish va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Fargʻona viloyati meva-sabzavotchilikda yetakchi hududlardan biri boʻlsa-da, bogʻlarning katta qismi eski usulda parvarishlanayotgani, hosildorlik pastligi va suv sarfi yuqoriligi koʻrsatib oʻtildi. Yetishtirilayotgan mahsulotlarning sifat koʻrsatkichlari ham yirik xalqaro savdo tarmoqlari talablariga toʻliq javob bermayapti.
Shu bois, mutasaddilarga Fargʻona, Quva va Oltiariq tumanlaridagi agrostar kompaniyalari bilan hamkorlikda jami 37 ming gektar maydonda sanoatlashgan intensiv bogʻlar barpo etish vazifasi qoʻyildi.
Qolaversa, viloyatda 100 ming bosh qoramol boqishga moʻljallangan yirik loyihalarni amalga oshirish, Bagʻdod va Furqat tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirish hamda Turkiya tajribasi asosida aholi xonadonlarida parrandachilikni rivojlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish borasida erishilgan natijalar ham tahlil qilindi. Joriy yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik darajasi 3 foizga, kambagʻallik darajasi 2,7 foizga tushishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari endilikda aholi daromadlarini oshirish hudud rahbarlari faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri boʻlishini taʼkidladi.
2027-yilda bajariladigan chora-tadbirlar hisobiga viloyatda 1,1 million nafar aholining daromadini ikki barobar oshirish maqsad qilingan.
Buning uchun har yili viloyatning bittadan tuman yoki shahrida 10 tadan mahallani sanoat, savdo va xizmat koʻrsatishga chuqur ixtisoslashtirish koʻzda tutilmoqda.
Yozyovon, Beshariq, Furqat va Rishton tumanlarining kamida 10 tadan mahallasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, Oltiariq va Fargʻona tumanlaridagi 41 ta mahallada jami 8,5 ming gektar maydonda oʻrikchilik va uzumchilik kooperatsiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Margʻilon va Fargʻona shaharlari hamda Uchkoʻprik tumanidagi toʻrtta texnikumda chet elda ishlash istagidagi fuqarolarni Germaniya va Janubiy Koreya standartlari asosida kasbga tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish taklif etildi. Bu orqali yiliga 6 ming nafar fuqaroni xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tayyorlash koʻzda tutilmoqda.
Bugungi kunda Fargʻona viloyati aholisi 4,2 million nafardan oshgan. Aholi sonining muttasil oʻsib borayotgani uy-joylar, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani mutanosib ravishda rivojlantirishni taqozo etmoqda.
Shu bois, Margʻilon va Fargʻona shaharlarida 600 ming nafar aholiga moʻljallangan yirik shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish, ushbu hududlarda yashash va tadbirkorlik bilan shugʻullanish uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha rejalar taqdim etildi.
Viloyatda yangi taʼlim va tibbiyot muassasalarini, zamonaviy sport majmualarini barpo etish boʻyicha loyihalar ham koʻrib chiqildi.
Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari viloyat hokimligi va islohotlar shtabiga mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solish, rejalashtirilgan loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish, aniq iqtisodiy natijalarga erishish hamda aholi muammolarini manzilli hal etish boʻyicha tegishli topshiriqlar berdi.