Xabarda aytilishicha, ayni paytda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligidagi viloyat delegatsiyasi xizmat safari bilan AQSHda boʻlib turibdi.
Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad Toshkent viloyatining xalqaro iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish, xorijiy investisiyalarni jalb etish va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikning yangi imkoniyatlarini yaratishdir.
AQSHning Florida shtati Gollivud shahrida Toshkent viloyatining vakolatxonasi ochilgani ham bu yoʻnalishda yana bir muhim qadam boʻldi.
Yangi vakolatxona — viloyatning iqtisodiy, madaniy va turistik salohiyatini AQSHda keng targʻib etish, shuningdek, amerikalik biznes hamkorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatishda muhim platforma vazifasini bajaradi.
Toshkent viloyati va Gollivud shahri oʻrtasida bir qancha yoʻnalishlarda qator qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu borada mazkur vakolatxona orqali viloyatdagi tadbirkorlar va eksportyorlar uchun AQSH bozoriga chiqishda amaliy koʻmak koʻrsatish, ishbilarmon doiralar oʻrtasida hamkorlik koʻpriklarini yaratish koʻzda tutilgan.









