Avval xabar berganimizdek, “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning tashabbusi bilan aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga yangilik olib kirish, ishni samarali tashkil qilishning ilgʻor uslublaridan foydalanishni jadallashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Rossiyaning “LUKOYL” kompaniyasi bilan 2021-2022-yillarga moʻljallab tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” doirasida mutaxassislarning malakalalari muntazam oshirilib borilmoqda.
Joriy yilning 20-25-iyun kunlari “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv apparati, tizim boshqarma va korxonalar mutaxassislari “LUKOYL” kompaniyasiga qarashli “Stavrolen” MCHJ zavodida malaka oʻtab kelishdi. Tashrif davomida mutaxassislar xorijiy zavod mutaxassislarining ish tajribasi, amaliyoti hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
“Stavrolen” zavodi Rossiyada past bosimli polietilen ishlab chiqarish boʻyicha ikkinchi va polipropilen ishlab chiqarish boʻyicha uchinchi oʻrinda turuvchi yirik neftkimyo majmuasi hisoblanadi. Majmuada ishlab chiqarilgan mahsulotlarga xorijiy davlatlarda talab katta. Hozirgi kunda korxonadagi mavjud texnologik qurilmalar yiliga 300 ming tonna yuqori zichlikdagi polietilen, 120 ming tonna polipropilen, 120 ming tonna benzol va 50 ming tonna vinil atsetatni ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Mutaxassislar ushbu zavodga tashrifi davomida polietilen, polipropilen, benzol, vinilatsetat va boshqa neftkimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi boʻyicha tegishli muzokaralar oʻtkazildi.
Uchrashuvlar davomida “Oʻzbekneftgaz” va “Stavrolen” kompaniyalari mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarish jarayonlari aks etgan taqdimotlar oʻtkazildi. Ishlab chiqarish faoliyati va texnologik qurilmalarni ishlatishda duch kelinayotgan muammolarni tezkor va ijobiy hal etish choralari boʻyicha bilim va tajribalar almashildi.
Rossiya zavodi mutaxassislari bilan kelgusida neft va gaz-kimyo sanoatini rivojlantirishda, zamonaviy texnologiya va kimyoviy reagentlardan foydalanishda hamkorlik qilish boʻyicha kelishib olindi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati