Baʼzida kimdir uchun bir tomchi qon yana bir yangi hayotni anglatadi. shuningdek, favqulodda vaziyatlarda jarohat olgan insonlar, ayniqsa, jajji bolajonlar koʻp qon yoʻqotishi natijasida ularning hayoti qil ustida boʻlib qoladi. Bunday bemorlarni malakali mutaxassislar jahon andozalariga mos tajribalar asosida davolash barobarida donorlarning beminnat yordamlariga ham tayanadilar.

Ayniqsa, ushbu xayrli amallar kimningdir sogʻligʻini saqlashga, hayotini uzaytirishga koʻmak beradigan boʻlsa, oʻsha inson oʻzini yanada baxtli his etadi. Donorlar ana shunday begʻaraz yordam koʻrsatuvchi ezgu niyatli kishilardir.

Respublika qon quyish markazida oʻtkazilgan donorlik aksiyasi davomida vazirlik va idoralar, tijorat tashkilotlari, barcha darajadagi deputatlar, faollar, partiya faollari, koʻplab koʻngilli yurtdoshlarimiz bemor bolalar xayotini saqlash uchun oʻz hissasini qoʻshib,faol ishtirok etib kelishmoqda.

Mana shunday ezgu amallardan biri Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida oʻtkazildi. Insonparvarlik va mehr-shavqat kabi ezgu niyatlarni oʻzida jamlagan donorlik aksiyada Akademiyaning harbiy xizmatchilari va kursantlar faol ishtirok etdi.

Har yili anʼanaviy ravishda oʻtkaziladigan mazkur xayriya aksiyasi tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bolalarni qoʻllab-quvvatlash, bemor bolalar hayotini saqlab qolish, shuningdek, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat gʻoyalarini targʻib qilishga qaratilgan.

Mehr-oqibatni azaliy qadriyatlarimiz qatorida eʼzozlab keluvchi, xayr, ehson, savob kabi yuksak tushunchalarni odamiylikning eng oliy jihati deb biluvchi xalqimizning nechogʻlik savobtalab ekanligiga bugungi aksiya ishtirokchilari yana bir bor amin boʻldilar.

Tadbir yakunida donorlik aksiyasida faol qatnashgan harbiy xizmatchilar va kursantlarga tadbir tashkilotchilari tomonidan tashakkurnomasi va estalik sovgʻalar topshirildi, deb xabar beradi Akademiya matbuot xizmati.