Britaniya 2025-yilda Oʻzbekistondan mavsumiy ishchilarni yollashni koʻpaytirmoqchi

    Britaniyaning “Pro-Force” rekruting kompaniyasi joriy yilda 600 dan ortiq oʻzbekistonlikni ishga olgan. Kelgusida Oʻzbekistondan mehnat migrantlari sonini koʻpaytirishni rejalashtirilmoqda.

    Tashqi ishlar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “Vatandoshlar” jamoat fondi vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Linkolnshir shahridagi “Staples Vegetables” fermer xoʻjaligiga tashrif buyurib, bu yerda vaqtincha ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolari bilan uchrashdi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi fuqarolarimizning yashash va ish sharoiti bilan yaqindan tanishdi. Ularning Buyuk Britaniyada boʻlishlari, maishiy va boshqa muammolari yuzasidan fikr almashildi, mahalliy qonunchilikka rioya etish yuzasidan suhbat oʻtkazildi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida fermer xoʻjaligi rahbariyati va Britaniyaning “Pro-Force” rekruting kompaniyasi bilan muzokaralar tashkil etildi.

    Unda Buyuk Britaniya qishloq xoʻjaligi sohasida oʻzbekistonlik ishchilarni ish bilan taʼminlash boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

    Britaniya tomoni ushbu yoʻnalishda yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikni yuqori baholab, Oʻzbekistondan mavsumiy ishchilarni yollashni davom ettirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

    “Pro-Force” rekruting kompaniyasi direktori Endi Simpsonning taʼkidlashicha, joriy yilda uning kompaniyasi 600 dan ortiq kishini ishga olgan. U, shuningdek, kelgusida Oʻzbekistondan mehnat migrantlari sonini koʻpaytirishni rejalashtirilganini bildirdi.

    Umuman olganda, 2025-yilda Buyuk Britaniya hukumati tashqi ishchi kuchining umumiy sonini 40 ming kishiga yetkazmoqchi, ularning maʼlum qismi Markaziy Osiyodan jalb qilinadi.