“Ernst & Young” “Oʻzbekneftgaz” AJning hisobotlari uchun ijobiy auditorlik xulosa berildi

    Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan olib borilgan keng koʻlamli ishlar natijasida, jahondagi yirik toʻrtta auditor-konsalting kompaniyalaridan biri hisoblangan, “Ernst & Young” kompaniyasi tomonidan “Oʻzbekneftgaz” AJning 2016–2017-yillardagi hisoboti uchun 2020-yil 5-iyunda, 2018-yil hisoboti uchun 2020-yilning 24-noyabrida va 2019-yil hisoboti uchun 2021-yilning 31-yanvarida ijobiy auditorlik xulosalari berilgan edi.

    Mamlakatimizning yoqilgʻi-energetika va gaz-kimyo sohasida yetakchi hisoblangan “Oʻzbekneftgaz” AJ oʻz tarixida va respublikadagi yirik ishlab chiqarish kompaniyalari ichida birinchilar qatorida navbatdagi yutuqga erishdi.

    Aksiyadorlik jamiyaining Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida 2021-yilning 1-yarim yilligi uchun tuzilgan oraliq konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotiga “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasidan ijobiy auditorlik sharhi (xulosasi) olindi.

    Mazkur hisobot va auditorlik sharhi (xulosasi) “Fitsh Ratings”, “S & P Global Ratings” va “Moodyʻs” xalqaro reyting agentliklari, yirik xorijiy banklar “City Bank”, “Mitsubishi UFJ Financial Group”, “JPMorgan Chase & Co”, “China Development Bank”, “Gaprombank”, “VEB.RF” va boshqalar, xalqaro konsalting va yuridik kompaniyalarga ham taqdim etildi.

    Taʼkidlash joizki, joriy yilning 29-sentyabri va 22-oktyabrida “Oʻzbekneftgaz” AJ oʻz tarixida birinchi marta “Fitch Ratings” va “Standard & Poors Global Ratings” xalqaro reyting kompaniyalarining “barqaror” prognozi bilan “BB-” darajasidagi reytingiga ega boʻlgan edi.

    MHXS asosida tayyorlangan va jahon miqyosidagi “katta toʻrtlik”ga kiruvchi auditorlik kompaniyasining ijobiy auditorlik xulosasiga ega boʻlgan moliyaviy hisobot xorijiy yirik investorlar uchun maʼlumot manbai sanaladi.

    Shu jihatdan yevroobligatsiyalarni debyut emissiyasi paytida xalqaro fond birjalarining talablariga muvofiq, oʻz qimmatbaho qogʻozi (yevroobligatsiya)ni joylashtirishni rejalashtirgan kompaniya birinchi navbatda hisobot sanasidan 120 kundan kechikmagan holda MHXS asosida konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot tuzishi va ijobiy auditorlik xulosasiga ega boʻlishi lozim.

    Auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilgan MHXS asosidagi konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot oʻz navbatida yevroobligatsiyalar chiqarilishida umuman har qanday qimmatbaho qogʻozlar chiqarilishida zarur boʻlgan “EMISSIYA PROSPEKTI” nomli hujjatni tayyorlashda ham muhim maʼlumot manba boʻlib hisoblanadi.

    MHXS asosida 2021-yilning 1-yarim yilligi uchun konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisoboti uchun “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan ijobiy auditorlik sharhi (xulosasi) mavjudligi “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan keyingi yutuqlarga erishish, shu jumladan xalqaro fond bozorlarida oʻz yevroobligatsiyalar emissiya qilishida muhim turtki boʻlib xizmat qiladi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati