Mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni nishonlanayotgan shu kunlarda akademik Akmal Saidovning “Gʻalaba bogʻi falsafasi” kitobi nashrdan chiqdi. “Tasvir” nashriyoti bilan hamkorlikda “KOLORPAK” MCHJ bosmaxonasida yuksak did va zamonaviy matbaa dizayni asosida oʻzbek va rus tillarida chop etilgan ushbu salmoqli kitob poytaxtimizda muhtasham “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi ochilganining 1 yilligiga munosib tuhfa boʻldi.
Kitobda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilgan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasining yaratilish tarixi, mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida hikoya qilingan. Muallifning fikr va mushohadalari aniq dalil va raqamlar, tarixiy hujjatlar, fotosuratlar, tegishli mavzudagi sheʼrlar va tasviriy sanʼat asarlaridan namunalar bilan mustahkamlangan.
Kitob Muqaddima, Xotima, 6 fasl va 40 bobdan borat. Kitobning soʻnggi sahifalarida Ikkinchi jahon urushi yillarida “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni, uchala darajadagi “Slava” (“Shuhrat”) ordeniga sazovor boʻlgan yurtdoshlarimiz hamda oʻzbekistonlik Ikkinchi jahon urushi generallarining roʻyxatlari ilova qilingan.
Keyingi yillarda Ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini koʻrsatgan koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan Buyuk Gʻalabani taʼminlashga qoʻshgan munosib hissasini chuqur oʻrganish va keng miqyosda targʻib etish davr talabiga aylandi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, hech shubhasiz, yosh avlodni yuksak gumanizm va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maʼnoda, “Gʻalaba bogʻi falsafasi” kitobini keng jamoatchilikka yetkazish koʻzda tutilgan. Xususan, ushbu yangi nashrni mamlakatimizdagi barcha axborot-resurs markazlari va kutubxonalarga, oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek oliy oʻquv yurtlari, litsey-kollej va maktablarga, nuroniylar, yoshlar, xotin-qizlar hamda maʼnaviyat va maʼrifat tashkilotlariga, kasaba uyushmalari, kompaniyalar va boshqa idoralarga yetkazib berish rejalashtirilmoqda.
Gʻulom MIRZAYEV,
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot kotibi









