Geologiya-qidiruv ishlarida yangi texnologiyalar qo'llanilmoqda

    Ilg'or xorijiy tajribani o'rganish asosida geologiya-qidiruv jarayoniga aerogeofizik usul va uskunalar joriy etilmoqda. Bu istiqbolli geologik resurslarni yuqori aniqlikda belgilash imkonini beryapti.

    Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Shamsiddin ALIMOV bu haqda shunday dedi:

    — Noan'anaviy geologiya ishlari, yangi texnika, texnologiyalarni qo'llagan holda Arnasoy, ya'ni Jizzax hududidan uran ob'ektlarini topdik. Ayni paytda zamonaviy modernizasiya hisobiga olgan aerogeofizika uskunasini vertolyotda uchirib, maydon anomaliyasini ko'tarib, er ustida qiladigan uch yillik ishimizni qariyb bir-ikki oyda bajaryapmiz. Buning natijasida yilning boshida Chotqol-Qurama hududida o'n ikkita yangi istiqbolli strukturani aniqladik.

    Yil boshida Prezidentimiz ushbu topilgan maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish topshirig'ini bergan edi. Ana shu vazifalar ijrosi doirasida bu erda qidiruv-burg'ulash ishlarini olib bordik. Natijada erning tagida 100-160 metrlik ma'danli struktura aniqlandi. Aerogeofizika usulini qo'llagan holda esa Navoiy viloyati tog' tizmalaridagi istiqbolli maydonlarda mis olish imkoniyatimiz bor. Shuningdek, Ziyodin, Zirabuloq tog'laridagi asosiy ma'dan kon maydonlariga parallel bo'lgan janubiy hududdagi xuddi shunday uchta istiqbolli maydonlarda ham ish olib boramiz.

    Ayni paytda burg'ulash ishlari ketmoqda. Shu kungacha o'rtacha 6 ming metrdan ortiq burg'ulash ishlari bajarildi. Dastlabki natijalar bo'yicha o'rtacha hisobda 25 tonnadan ortiq resurs olish mo'ljallangan.