Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 10-martdagi Navroʻz umumxalq bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik koʻrish, hududlarning epidemiologik osoyishtaligini saqlash, sogʻlom turmush tarzi va sanitariya- gigiyenik madaniyatni targʻib qilgan holda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish maqsadida qabul qilingan farmoyishiga muvofiq tashkil etilmoqda.
Bu yilgi umumxalq xayriya hashari “Obod va koʻrkam mahallam” shiori ostida oʻtkazilayotganida katta ramziy maʼno bor. Zero, milliy qadriyatlarimizning muhim koʻrinishi boʻlgan mahalla va hashar qadriyati zamirida xalqimizning boy tarixi, bebaho maʼnaviy urf-odat va anʼanalarimiz, xalqimizning insoniylik, olijanoblik, mehr-saxovat kabi ezgu fazilatlari mujassam. Bu tadbirlarning aynan Navroʻz umumxalq bayrami arafasida oʻtkazilishi esa yana-da chuqur maʼno va mazmun kasb etadi.
Zero, shu kunlarda yurtdoshlarimiz Navroʻz bayramini munosib nishonlashga qizgʻin taraddud koʻrmoqda. Mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida, mahallalarida bayramoldi tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Bugun oʻtkazilayotgan “Obod va koʻrkam mahallam” umumxalq xayriya hashari ham bayramoldi tayyorgarlikning bir bosqichidir. Hasharda Vatanimizni yana-da obod qilish va koʻkalamzorlashtirish, xiyobonlar, ziyoratgoh, muqaddas qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish rejalashtirilgan.
“Mahalla” xayriya jamoat fondidan maʼlum qilishlaricha, oʻtkaziladigan xayriya hashari davomida 10 ming gektarga yaqin yer-maydonlarni obodonlashtirish, 5 ming kilometrga yaqin ariq va lotoklarni tozalash, 9000 dan ortiq qabriston va 860ga yaqin ziyoratgohlarni obodonlashtirish rejalashtirilgan, 500 ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekiladi. Shuningdek, mahallalarda gul koʻchatlarini oʻtqazish, daraxtlarni oqlash va ularga shakl berish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, hashar kunlari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga muruvvat yordamlari koʻrsatiladi. Jumladan, 3 mingdan ziyod kam taʼminlangan oilalarning 30 ming kv.metrga yaqin uy-joylari hashar yoʻli bilan taʼmirlanadi. Shuningdek, “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasin” shiori ostida nogironlar, yolgʻiz keksalar, urush va mehnat fronti faxriylari hamda yordamga muhtoj fuqarolarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash koʻzda tutilmoqda.
Xayriya hashari doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda hududlardagi korxona, tashkilotlar, dehqon va buyum bozorlari, umumiy ovqatlanish shahobchalari va boshqa jamoat joylarining sanitariya holatini yaxshilash va chiqindilarni oʻz vaqtida olib ketish boʻyicha tegishli tadbirlar belgilangan.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri