Seminar-treningda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti Inklyuziv ijtimoiy rivojlanish boʻlimining texnik yordam va hamkorlik boʻlimi boshligʻi Oleg Seryojin, Oʻzbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isakov, Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati raisi Komil Abdullayev soʻzga chiqdi.
Tadbirda Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalaridan vazirlik va idoralar xodimlarining xabardorligini oshirish muhimligi taʼkidlandi. Konvensiya qoidalarini bajarish jarayonida ijtimoiy sohada islohotlarni amalga oshirish boʻyicha xorijiy mamlakatlar tajribasi alohida ahamiyatga egaligiga eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekistonda kam taʼminlanganlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, yoshlar, xotin-qizlar va keksalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan 2021-yil 7-iyunda BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilingani bunga yaqqol misoldir.
Yurtimizda nogironlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri – xalqaro huquq prinsiplari va normalarini milliy qonunchilikka tatbiq etishdan iborat. Bu muhim jarayon Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarni amalga oshirish bilan uzviy holda olib borilmoqda.
Ishtirokchilar tomonidan, shuningdek, Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalarini BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyiliga hamohang tarzda amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
Seminar-trening mashgʻulotlarini AQSHning Sirakuza universiteti doktoranti Mirjahon Turdiyev, BMT va YUNICEFning nogironlik va reabilitatsiya masalalari boʻyicha xalqaro maslahatchisi, xalqaro ekspert, tibbiyot fanlari doktori Oksana Vladimirova, BMT xalqaro eksperti, Armanistondagi “Urartu” amaliy psixologiya va sotsiologiya universitetining ijtimoiy faoliyat kafedrasi mudiri Jemma Bagdasaryan, BMT xalqaro eksperti, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi dotsenti Burulsun Suyunaliyeva olib bordi.
Trening doirasida “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya – huquqlar standarti va elementlari”, “Zamonaviy dunyoda nogironlik: paradigma va tushunchalar, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning roli”, “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirishda ijtimoiy sohani isloh qilish: tajriba va istiqbollar” kabi mavzular muhokama qilindi.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati