Tadbir “Yakatut” mahallasida joylashgan “Bahrombek Ixtiyor oʻgʻli” fermer xoʻjaligiga qarashli 10 gektarlik zamonaviy issiqxonada “TuronBank” ATB tashabbusi bilan oʻtkazildi.
Seminardan koʻzlangan asosiy maqsad — limonchilikda ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash hamda yangi tashabbuslarni ragʻbatlantirishdan iborat.
Tadbirda tajribali agronomlar, limon yetishtiruvchi tadbirkorlar va mazkur yoʻnalishga qiziqish bildirgan fuqarolar ishtirok etdi. Seminar davomida issiqxona sharoitida limon yetishtirish texnologiyalari, koʻchat parvarishi, hosildorlikni oshirish hamda kasallik va zararkunandalarga qarshi samarali kurashish usullari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tadbirda eronlik mutaxassis Said Muvahediy ishtirok etib, limonchilikda zamonaviy yondashuvlar, issiqxonada samarali parvarish qilish va yuqori hosildorlikka erishish boʻyicha oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Ushbu seminar ishtirokchilar uchun oʻzaro tajriba almashish, yangi bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish hamda limonchilikni yanada rivojlantirishda muhim maydon vazifasini oʻtadi.