Jahon madaniyatiga munosib hissa qoʻshgan ajdodlarimiz erishgan betakror yutuqlarning sababi ham kitob mutolaasidir. Shu bois yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, ichki ishlar organlarida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish borasidagi ishlar vazirlik rahbariyatining doimiy eʼtiborida boʻlib kelayotganini alohida taʼkidlash joiz.
Darhaqiqat, osoyishtalik posbonlarining kasbiy malakasini, huquqiy bilimlarini oshirish, ularning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish, xodimlar bilan maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yana-da kuchaytirish kabi vazifalarni bajarishda kitob eng yaqin koʻmakchi boʻlishi shubhasiz. Bugun shiddat bilan rivojlanayotgan zamon bilan hamnafas boʻlaman degan har bir davlat xizmatchisi, jumladan, ichki ishlar organlari xodimlari ham doimo oʻz ustida ishlashi, bilim va koʻnikmalarini tinimsiz oshirishi zarur.
Namangan viloyati IIB, maʼnaviy va maʼrifiy ishlar hamda kadrlar bilan taʼminlash xizmati tomonidan bu borada koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, haftaning belgilangan bir kunida “Kitobxonlik daqiqasi”, “Notiqlik sanʼati”, “Fikrlar jangi” loyihalari boʻyicha fikrlar almashiladi.
Kitob oʻqimagan, dunyoqarashi tor, notiqlik mahorati boʻlmagan xodim fuqarolar bilan qanday muloqot qiladi? Biror-bir muammo yuzasidan yordam soʻrab kelgan insonga qonuniy yoʻl-yoʻriq koʻrsata oladimi? Albatta, yoʻq. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bugun har bir ichki ishlar organi xodimi jamiyatda huquqiy madaniyat targʻibotchisiga aylanishi, buning birinchi sharti sifatida, avvalo, kitobga oshno boʻlishi lozim.
Kitob oʻqigan inson esa qaysi sohada ishlamasin, toʻgʻri fikrlash, oq-qorani ajratish, murakkab vaziyatlarda oqilona qaror qabul qilish koʻnikmasiga ega boʻladi. Bundan tashqari, nutqi ravon boʻladi, fikrini toʻgʻri va toʻliq ifodalay oladi. Bular esa ichki ishlar organlari xodimlari uchun eng kerakli sifatlar hisoblanadi.
Yaqinda “Qaysi biri yaxshiroq: qogʻozli adabiyotmi yoki elektron oʻqish moslamasimi?” mavzusida “Fikrlar jangi” treningi boʻlib oʻtdi. Ahamiyatli jihati, qarama-qarshi taraflarning barchasi oʻz fikrini himoya qilishda asosli faktlarni ilgari surishdi.
Treningga jalb etilgan yosh xodimlar bundan uch oy avval kadrlar boshqarmasi tomonidan saralab olingan “Yosh liderlar” aʼzolaridir. Ushbu guruh vakillariga Adliya boshqarmasi, NamDU hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda oʻquv dasturi ishlab chiqarildi. Malakali xodimlar, professor-oʻqituvchilar, tajribali notiqlar tomonidan olib borilgan mashgʻulotlar qisqa vaqt ichida oʻzining ijobiy natijasini berdi. Kelajakda bu kabi treninglarni har xil yoshdagi xodimlar oʻrtasida ham tashkillashtirish niyatidamiz.
Xulosa qilib aytganda, har bir inson kitoblar orqali uning maʼnaviy xazinasidan, cheksiz imkoniyatidan iloji boricha koʻproq foydalanib, ham oʻzining, ham oʻzgalarning hayotini mazmunan boyitishi mumkin. Zero, kitob ruhiyatimiz ozuqasi, u bilan doʻstlashish bizni maʼnan yuksaltiribgina qolmay, ezgulikka ham yetaklaydi.
Mirabbosxon MIRSAIDOV,
Namangan viloyati IIB,
maʼnaviy va maʼrifiy ishlar hamda kadrlar bilan
taʼminlash xizmati boshligʻi oʻrinbosari,
podpolkovnik.