Vatandoshimiz, buyuk alloma Imom Moturidiy “Ta'vilot al-Qur'on” asari 30-juzining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan o'zbek tiliga tarjima qilinishi Misrdagi yirik vaqtli matbuot nashrlaridan biri e'tiborini tortdi.
Misr Arab Respublikasidagi Al-Azhar universitetining “Al-Azhar ovozi” gazetasi 2021-yil 3-noyabrda Imom Buxoriy xalkaro ilmiy- tadqiqot markazi direktori o'rinbosari O.Muhammadiyevning “Ta'vilot al-Qur'on" asari bo'yicha yana bir muhim tadqiqot” nomli maqolasini e'lon qildi.
Muallif maqola avvalida O'zbekistonda Prezident Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan ilgari surilgan Yangi Renessans g'oyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli tadbirlar turli jabhalarda o'z samarasini bera boshlagani, muhim ijtimoiy-siyosiy o'zgarishlar, ayniqsa, diniy-ma'rifiy sohadagi xayrli ishlar bugun dunyo hamjamiyatining e'tirofiga sazovor bo'layotgani, yurtimiz aholisining aksar qismini islom diniga e'tiqod qilishi hisobga olinib, ularning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, masjidlar, diniy ta'lim muassasalari soni oshirilgani, buyuk ajdodlarimizning bebaho ilmiy merosini o'rganib, keng jamoatchilikka etkazish maqsadida ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil qilinganini kayd etib, Imom Buxoriy xalkaro ilmiy-tadkikot markazi olimlari tomonidan alloma bobokalonimiz Abu Mansur Moturidiyning benazir asari – “Ta'vilot al-Qur'on” o'zbek tiliga tarjima qilinganini ma'lumot o'rnida keltirgan.
Maqolada shuningdek tarjima jarayonlari va unda e'tibor qaratilgan jihatlar xususida ham so'z yuritilib, mazkur ilmiy natijaning yuksak ma'naviy-ma'rifiy qiymati qayd etilgan.
“Komil ishonch bilan aytish mumkinki, bu ish muqaddas dinimizning tinchlikparvarlik, ma'rifatparvarlik, halollik va poklik kabi go'zal jihatlarini targ'ib qilish va jamiyatda mustahkam qaror toptirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu ezgu tadbir Imom Moturidiy merosi oldidagi burchimizni oqlash yo'lidagi zalvorli qadam bo'ldi”, deyiladi maqolada.
“Al-Azhar ovozi” gazetasi islom olamining nufuzli nashrlaridan biri bulib, xaftada bir marota chop etiladi. Gazetaga Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, “Al-Azhar” diniy majmuasi rahbari, doktor Shayx Ahmad Muhammad Toyyib homiylik qiladi.
Misrning sobiq Bosh imomi, marhum Muhammad Sayyid Tantoviy tomonidan asos solingan gazeta 1999-yilning oktyabr oyidan buyon nashr etib kelinmoqda.
Munojat Mo'minova