Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash bilan bir qatorda xorijiy davlatlarning kasaba uyushma markazlari, xalqaro kasaba uyushmalari birlashmalari, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni rivojlantirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning Mehnatkashlar faoliyati boʻyicha Byurosi (ACTRAV) bilan yaqin hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, birgalikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan qoʻshma tardbirlar rejasi qabul qilinishi anʼanaga aylandi.

Xalqaro mehnat tashkiloti Mehnatkashlar faoliyati boʻyicha Byurosi (ACTRAV)ning Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergeyus Glovaskas taklifiga binoan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasi Jeneva (Shveysariya) shahriga tashrif buyurdi. Mazkur tashrifdan koʻzlangan maqsad - Mehnatkashlar faoliyati boʻyicha Byurosi (ACTRAV) bilan 2023-yilga moʻljallangan qoʻshma tadbirlar rejasini muhokama qilish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilab olishdir.

Ayni kunda Jenevada rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasi hamda XMT Mehnatkashlar faoliyati boʻyicha Byurosi (ACTRAV) rahbariyati va departament rahbarlarining uchrashuvlari boʻlib oʻtmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasi aʼzolari va Xalqaro mehnat Byurosi xalqaro mehnat normalari boʻyicha Departamentining huquqiy masalalar boʻyicha katta mutaxassisi Oksana Volfman oʻrtasida boʻlib oʻtdi.

Oksana Volfman xonim suhbat avvalida soʻnggi 5 yil davomida Oʻzbekiston Respublikasiga standartlarni qoʻllash boʻyicha Ekspertlar qoʻmitasi tomonidan tanqidiy mulohazalar bildirilmaganini taʼkidladi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasining yangi Mehnat kodeksi, unga kiritilayotgan oʻzgarishlar xususida ham soʻz bordi. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining 87-Konvensiyasi ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar boʻyicha fikr va mulohazalar almashindi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish boʻlimi mudiri Mahmud Isayev 87-Konvensiyaning ayrim nozik jihatlari batafsil bayon etilgan yangi qonun hujjatlari va qonunlar xususida toʻxtalib oʻtdi.

Uchrashuv yakunida XMT vakillari Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelgusidagi hamkorlik aloqalari yuzasidan oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Muhabbat OʻRMONBEKOVA,

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari