Prezidentning “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, ularda kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF-77-son, 05.05.2025-y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi etib qayta tashkil etildi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasining asosiy vazifalari quyidagilar belgilandi:
- professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan kadrlarga boʻlgan talabni oʻrganib borish;
- nomzodlarni vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari ehtiyojlariga mos holda professional yoʻnaltirish;
- stipendiatlarning Oʻzbekistonga qaytgandan soʻng mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart sharoitlar yaratish hamda ularni qoʻllab quvvatlash boʻyicha takliflar kiritish;
- mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada oshirish uchun stipendiatlar salohiyatidan samarali foydalanish.
2025-yil 1-sentyabrdan boshlab:
- vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari orasidan maqsadli stajirovkaga yuboriladigan nomzodlar roʻyxati shakllantiriladi;
- stajirovka tashkil etiladigan xorijiy tashkilotlar va stajirovka muddati buyurtmachilar, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan belgilanadi;
- maqsadli stajirovkaga yuboriladigan mutaxassislarning stajirovka oʻtashda zarur boʻladigan xorijiy tilni oʻrganishi uchun vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari tomonidan tegishli sharoitlar yaratib beriladi.