“Janubiy Kemachi” konida yangi gaz quvuri oʻrnatilmoqda

    Gaz quvurini qurish loyihasi bosh pudratchi “ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC” kompaniyasi tomonidan olib borilmoqda.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirigʻiga asosan, konlarda tabiiy gaz va gaz kondensati qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida sohada keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini koʻpaytirish maqsadida “2017–2021-yillarda uglevodorodlar qazib chiqarishni koʻpaytirish Dasturi” doirasida “Janubiy Kemachi” konidagi 4-sonli kirish tarmogʻi blokidan “Janubiy Kemachi” siquv kompressor stansiyasi va “Koʻkdumaloq” siquv kompressor stansiyasigacha diametri Ø720mm, uzunligi 12,0 km boʻlgan tabiiy gaz quvurini qurilish montaj ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

    Gaz quvurini qurish loyihasi bosh pudratchi “ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC” kompaniyasi tomonidan olib borilmoqda.

    Mazkur gaz quvurining ishga tushirilishi natijasida “Janubiy Kemachi” konidagi past bosimli quduq gazlarini alohida quvurlar orqali siquv kompressor stansiyalariga uzatish imkoniyati yaratilib, kunlik tabiiy gaz qazib chiqarishni kupayishiga erishiladi.

    Bundan tashqari, ushbu gaz quvurlariga parallel ravishda “Janubiy Kemachi” konidagi 2-, 2R-, 4-, 5 va 6-sonli kirish tarmoqlar bloklarida separator va sigʻimlar oʻrnatish boʻyicha ham qurilish-montaj ishlari yakuniy bosqichda olib borilayotgan boʻlib, bu esa, oʻz navbatida quduqlardan qazib chiqarilayotgan tabiiy gazni dastlabki tayyorlash imkonini beradi.

    Maʼlumot uchun: Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Janubiy Kemachi” koni Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumani hududida joylashgan boʻlib, 1980-yilda ishga tushirilgan.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati